Iqtisodiyot
Sanoat mahsulotlari eksporti hududlar hisobiga oshadi
Prezident qarori bilan hududlar sanoatini jadal rivojlantirish va sanoat korxonalarini eksportga jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.
2025-2026 yillarda hududlar sanoatini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari:
respublika sanoatida hududlar sanoatining ulushini 45 foizgacha oshirish;
sanoatni jadal rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofislari tomonidan biriktirilgan tumanlardagi ilgari o‘z mahsulotlarini eksport qilmagan 100 ta korxonani eksport faoliyatiga jalb qilish va ularni eksportchi korxonalarga aylantirish;
hududiy sanoat shtablari tomonidan har bir tuman va shaharda qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash va yo‘naltirish hisobiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni qo‘shimcha 5 foizga oshirish;
hududlarda 34 ta yuqori texnologik sanoat loyihalarini amalga oshirish hisobiga sanoatda texnologik mahsulotlar ulushini 25 foizgacha oshirish va 3,5 mingdan ortiq ish o‘rinlarini yaratish;
har bir tuman va shaharda 5 tagacha sanoat “o‘sish nuqtalari”ni tashkil etish;
respublika miqyosida sanoat korxonalarining tizimli muammolarini “respublika – viloyat – tuman” tamoyili asosida tezkorlik bilan hal etish.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlangan:
2025-2026 yillarda hududlar bo‘yicha sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning o‘sish sur’atlarining maqsadli ko‘rsatkichlari;
2025-2026 yillarda tuman va shaharlarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishida amalga oshiriladigan 316 ta loyiha bo‘yicha mikrodastur ko‘rsatkichlari;
2025-2026 yillarda amalga oshiriladigan 34 ta yuqori texnologiyali yangi sanoat loyihalarining manzilli ro‘yxati.
2026 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvargacha:
ijtimoiy soliq bo‘yicha bazadan sanoat korxonalari xodimlarining har bir xodim uchun oyiga BHMning bir baravarigacha bo‘lgan miqdordagi o‘rtacha oylik ish haqi summasi chegirib tashlanadi, uning miqdori xodimlarning yo‘lkira va ovqatlanish xarajatlari bilan birga MHTEKMning kamida ikki baravarini tashkil etadi;
o‘z ehtiyojlari uchun gips xomashyosini qazib olish va undan tayyor qurilish materiallari ishlab chiqarishni amalga oshiruvchi korxonalarga gips qazib olish uchun ajratilgan yerlardan foydalanganlik uchun 50 foizli stavka bo‘yicha soliq solinadi.
Bundan tashqari, barcha sement korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan sementning kamida 50 foizini birjada sotish talabi 25 foizga qisqartirilmoqda.
Shuningdek, quyidagi xarajatlar qoplanadi:
4 ta hududda ixtisoslashtirish bo‘yicha sanoatni rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish uchun xorijiy konsalting kompaniyalarini tanlov asosida jalb qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq har bir hudud uchun 250 ming AQSh dollari ekvivalentidan ortiq bo‘lmagan miqdorda;
xususiy sanoat korxonalarida energiya auditini o‘tkazish xarajatlarining 50 foizi, biroq har bir korxona uchun 100 mln so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda;
zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, shu jumladan resurslarni aniq baholash va samaradorlikni oshirish metodologiyasi bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish xarajatlarining 100 foizi, biroq har bir korxona uchun 20 mln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda.