Jamiyat
Samarqanddan Urgutga poyezd harakatlanmoqda – bu iqtisodiyotga qanday ta’sir qiladi?
Foto: Isomiddin Po‘latov
Shu kunlarda Samarqanddan Urgutga poyezdlar harakatlanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 25 noyabrda Samarqandga tashrifi chog‘ida ushbu yo‘nalish amaliy ishga tushgani xabar qilingandi. Yangi temiryo‘l Urgut va atrof hududlar uchun uzoq kutilgan iqtisodiy va transport imkoniyatlarini ochdi.
Samarqand viloyatining yirik tumanlaridan biri – Urgutda 600 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Bu hudud yillar davomida Samarqand bilan faqat avtomobil va avtobus qatnovi orqali bog‘langan, yuk tashish va yo‘lovchi qatnovidagi uzoq va qimmat yo‘llar iqtisodiy rivojlanishga to‘siq bo‘lib kelgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va taklifiga asosan joriy yilning fevral oyida “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ tomonidan Samarqand-Urgut yo‘nalishi qurilishi boshlangan. Ushbu 55,4 kilometrlik uchastkada ikki vokzal – “Jartepa” va “Urgut”, ikki ko‘prik, 110 ta sun’iy inshoot, 1,8 mln kub metr tuproq ishlari va 58,3 km optik tolali aloqa liniyasi barpo etildi. Yo‘nalishda temiryo‘l izlari yotqizildi, elektrlashtirish va markazlashtirilgan boshqaruv tizimlari o‘rnatildi.
Zarafshon daryosi qirg‘og‘idan o‘tadigan qismida damba qurilishi, suv o‘tkazish inshootlari va yo‘l kesishmalari ham tayyor. Yangi yo‘nalishning qurilishi “Toshtemiryo‘lloyiha” MChJ tomonidan ishlab chiqilgan bosh rejaga muvofiq, zamonaviy muhandislik yechimlari asosida amalga oshirildi.
Yangi yo‘nalish ikki juft shaharlararo va to‘qqiz juft yuk poyezdi qatnovini ta’minlaydi. Yo‘lovchi va yuk tashish imkoniyati yillik 359 ming yo‘lovchi va 8,2 million tonna yukni tashkil etadi. Bu esa Urgutdagi sanoat va savdo hududlari uchun uzoq kutilgan logistik imkoniyatlar ochadi.
Temiryo‘lning ishga tushishi orqali hududdagi yuk tashish tezlashadi, mahsulotlar bozorlarga vaqtida va arzon yetadi, investorlar uchun qulayliklar yanada oshadi. Shu bilan birga yangi stansiyalar va vokzallar atrofida 130 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, yo‘nalish ichki turizmni rivojlantirishda ham muhim omil bo‘ladi. Urgut tarixi va madaniy merosi, dam olish va ziyorat maskanlari bilan mashhur, endilikda turistlar uchun Samarqanddan qulay qatnov ta’minlanadi.
Mutasaddilar kelgusida yo‘nalishni to‘liq elektrlashtirish, xizmatlarni kengaytirish va vokzal atrofini obodonlashtirish rejalarini amalga oshirmoqda. Shu yo‘l bilan Urgutning transport infratuzilmasi zamonaviy va xavfsiz darajaga ko‘tariladi, iqtisodiy o‘sish uchun uzoq muddatli imkoniyatlar yaratiladi.