Jamiyat
Samarqandda hokimlar Xitoyga uyushtirilgan xizmat safariga xotin va bolalarini jo‘natgan
Samarqand viloyatining Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tuman hokimliklari mansabdor shaxslari Xitoy davlatiga uyushtirilgan xizmat safariga yaqin qarindoshlari, shuningdek, safarga bevosita aloqador bo‘lmagan xodimlarni yuborgan.
Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lum qildi.
Xususan, Xitoyda Markaziy Osiyo davlatlarining professional fermerlari uchun tashkil etilgan seminarga Qo‘shrabot tuman hokimining haydovchisi M.T. hamda hokimning o‘g‘li D.D.lar xizmat safariga yuborilgan.
Bundan tashqari, Xitoyda tashkil etilgan «Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va qayta ishlashni tashkil etish» bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarida Qo‘shrabot tumanidagi sohaga aloqador hokimlik vakillari va fermer xo‘jaliklari rahbarlari taklif etilganligi ko‘rsatilib, 32 nafar shaxsdan iborat delegatsiya tarkibi (ro‘yxat) taqdim etilgan.
Biroq, ro‘yxatni o‘rganish davomida ayrim delegatsiya vakillari, jumladan, tuman hokimining turmush o‘rtog‘i M.Sh., hokimlik boshqa mansabdor shaxsining yaqin qarindoshi Ch.H.lar ro‘yxatga asossiz ravishda kiritilganligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, ro‘yxatdagi N.X. va M.S.lar Qo‘shrabot tumanidagi 1-son texnikum xodimlari sifatida rasmiylashtirilgan bo‘lib, aslida ular ushbu texnikumda ishlamasligi aniqlandi.
Bundan tashqari, tuman (shahar) hokimliklari tomonidan xorijiy xizmat safariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador bo‘lmagan xodimlarni yuborish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.
Masalan, Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi tomonidan investitsiya loyihalarini amalga oshirish va savdo shartnomalari bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishish maqsadida 2025-yilning 22-30 may kunlari Xitoyga xizmat safari tashkil etilib, delegatsiya tarkibiga safar maqsadlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqadorligi bo‘lmagan hokimlik xodimi ham kiritilgan.
Shu kabi, davlat rahbarining 2021-yil 16-iyundagi PF-6247-son Farmonida mansabdor shaxslarning xorijiy xizmat safarlari haqidagi axborotlar ochiq e’lon qilinishi belgilangan bo‘lishiga qaramay, Kattaqo‘rg‘on hamda Qo‘shrabot tuman hokimliklari tomonidan ushbu ma’lumotlar asossiz ravishda yashirilganligi aniqlandi.
O‘rganish va tahlillar jarayonida to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.