Mahalliy
Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev rasman ogohlantirildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati hokimining oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini ko‘chalardagi obodonlashtirish va monitoring ishlariga jalb etish tashabbusi keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu holat jamyatda soha vakillarining huquqlari va qonun ustuvorligi masalasini yana kun tartibiga chiqardi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, pedagog xodimlarni ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga majburiy tarzda jalb etish qat’iyan taqiqlanadi. Agar mazkur tashabbus amaliyotga joriy etilib, ziyolilar o‘z faoliyatiga daxldor bo‘lmagan yumushlarga jalb etilsa, bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri majburiy mehnat holatlarining yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.
Shu munosabat bilan, Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyevga pedagoglarni kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etish qonunchilikka zid ekani hamda bunday holatlar uchun qat’iy javobgarlik belgilanganligi yuzasidan rasmiy ogohlantirish yuborildi.
Har qanday ijtimoiy yoki iqtisodiy tashabbusni amalga oshirishda, eng avvalo, amaldagi qonunchilik talablariga rioya etish, jamiyat ko‘zgusi bo‘lgan pedagoglarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini to‘liq ta’minlash zarur. Oliy ta’lim fidoyilari ko‘cha supirish yoki monitoring bilan emas, ilm-fan va sifatli ta’lim bilan mashg‘ul bo‘lishlari shart.