Jamiyat
Samarqand shahri hududi ikki barobar kengayishi mumkin
Samarqand shahrining 2045-yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasi loyihasiga ko‘ra, shahar hududi qariyb uch baravarga kengayishi rejalashtirilgan. Hujjatda shahar maydonini hozirgi 11,2 ming gektardan 28,4 ming gektargacha oshirish nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, aholi soni ham sezilarli o‘sishi kutilmoqda. Prognozlarga ko‘ra, 2045-yilga borib Samarqand aholisi 1,2 million kishiga yetadi.
Hukumat qarori loyihasida shaharni kompleks rivojlantirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va qurilish ishlarini yagona bosh reja asosida amalga oshirish belgilangan. Yangi qurilishlar master-reja hamda batafsil rejalashtirish hujjatlari asosida tasdiqlanadi.
Bosh rejada shahar hududlari konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratilmoqda. Konservatsiya hududlarida madaniy meros obyektlari va yashil hududlar muhofaza qilinib, yangi qurilishlarga cheklov qo‘yiladi.
Renovatsiya zonalarida esa eski va zamonaviy talablarga javob bermaydigan binolar o‘rnida yangi turar joy va infratuzilma majmualari barpo etiladi.
Loyihada transport tizimiga ham katta urg‘u berilgan. 2045 yilgacha Samarqandda 837 kilometr yangi yo‘l qurish, 160 kilometr mavjud yo‘llarni kengaytirish hamda yangi tramvay tarmoqlarini yaratish rejalashtirilgan.
Bosh rejada ekologiya masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Unga ko‘ra, shaharda qo‘shimcha 11 ming gektar yashil maydon tashkil etish va atrof hududlarda 18 ming gektarlik yashil belbog‘ barpo qilish ko‘zda tutilmoqda.
Natijada aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil hududlar hajmini ikki barobar oshirish maqsad qilingan. Hozir bu ko‘rsatkich 5 kvadrat metrni tashkil etsa, kelajakda 10 kvadrat metrga yetkaziladi.
Bulardan tashqari, YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand tarixiy markazida amalga oshiriladigan o‘zgarishlar xalqaro talablar asosida muvofiqlashtirilishi belgilangan.