Jamiyat
Samarada qiyin ahvolga tushgan ona va yetti nafar voyaga yetmagan farzandi O‘zbekistonga qaytarildi
O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsulxonasi sa’y-harakatlari bilan Rossiyaning Samara viloyatida qiyin hayotiy vaziyatga duch kelgan O‘zbekiston fuqarosi N.T. va uning yetti nafar voyaga yetmagan farzandi vatanga qaytarildi.
Bosh konsulxona ma’lumotiga ko‘ra, Samara viloyati ichki ishlar organlari xodimlari N.T. va uning farzandlarini shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar yo‘qligi sababli politsiya bo‘limiga olib borgan. Keyinchalik N.T. Samara viloyatidagi chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan, bolalar esa voyaga yetmagan huquqbuzarlarni vaqtincha saqlash markaziga o‘tkazilib, Samara shahrining homiylik va vasiylik organlariga topshirilgan.
Diplomatlar va Samara viloyatining vakolatli idoralari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar natijasida ularni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
N.T. va farzandlari Samara—Toshkent yo‘nalishidagi aviaqatnov orqali salomat holda O‘zbekistonga yetib keldi.