Sport
Saloh «Liverpul»dan ketadi
Misrlik tirik afsona uchun klubdagi to‘qqiz mavsumi so‘nggisi bo‘lib qoladi.
Muhammad Saloh va «Liverpul» baribir ajraladi. 33 yoshli misrlik hujumchi 24 mart kuni kechqurun ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilgan videosida 2025/26 yillar mavsumi yakunida klubni tark etishini e’lon qildi. Biroz o‘tib mersisaydliklar klubi matbuot xizmati ham bu ma’lumotni tasdiqladi.
«Bu ehtiros, tarix va ruhdir»
Misrlik futbolchi muxlislarga ta’sirli murojaat yo‘lladi.
«Afsuski, bu kun yetib keldi. Men mavsum yakunida «Liverpul»ni tark etaman. Men shundan boshlamoqchimanki, bu jamoa, shahar va odamlar hayotimning shunday qismiga aylanishini hech qachon tasavvur qilmagan edim. «Liverpul» – shunchaki futbol klubi emas. Bu kimgadir tushuntirib bo‘lmaydigan ehtiros, tarix va ruhdir», – degan Saloh xayrlashuv nutqi avvalida.
U jamoadoshlari va klub xodimlari to‘g‘risida ham gapirgan.
«Barchaga, ayniqsa, jamoadoshlarimga – sobiq va hozirgilarga, muxlislarga rahmat. Menga ko‘rsatgan yordamingiz uchun minnatdorchilik bildirishga so‘z yetmaydi. Faoliyatimning eng yaxshi davrida yonimda bo‘ldingiz va har doim men bilan yelkama-yelka turdingiz», – deya qo‘shimcha qilgan Saloh.
Ko‘p o‘tmay «Liverpul» ham bu borada rasmiy bayonot berdi: qizillar klubi matbuot xizmati forvard o‘z qarori haqida imkon qadar ertaroq e’lon qilishni xohlagani aytilgan relizni e’lon qildi.
Shu bilan birga, yaqin vaqtlar ichida futbolchi bilan xayrlashuv uchrashuvi o‘tkazilishi kutilmayapti.
«Bizni hali oldinda ko‘p o‘yinlar kutmoqda va Saloh bor e’tiborini «Liverpul» mavsumni maksimal natija bilan yakunlashiga qaratgan. Shuning uchun uning merosi va yutuqlarini to‘liq nishonlash vaqti keyinroq keladi», – deya qayd etiladi klub saytida.
Faoliyatini qayerda davom ettiradi?
Muhammad Saloh mersisaydliklar klubi bilan shartnomasini 2025 yil aprelida ikki yilga uzaytirgandi. Ammo misrlik futbolchi bu muddat oxirigacha klubda qolmasligi mavsum o‘rtasidayoq ma’lum bo‘lib ulgurgandi.
Dekabr oyi boshida hujumchi asosiy tarkibdagi o‘rnini boy berib qo‘ydi va ayrim o‘yinlarda zaxiradan ham maydonga tushirilmadi. APLning 15- turida «Lids»ga qarshi kechgan uchrashuvda (3:3) ham zaxira o‘rindig‘ida qolib ketganidan keyin u jurnalistlar qarshisiga chiqdi va o‘z holati haqida shov-shuvli bayonot berdi. Xususan, jamoa bosh murabbiyi Arne Slot bilan orasi buzilganini aytdi.
«Ko‘p marta aytganman: murabbiy bilan munosabatlarim juda yaxshi edi, ammo birdaniga o‘rtamizda hech narsa qolmadi. Aftidan, kimdir meni bu yerda ko‘rishni istamayapti. Yana bir bor aytaman: o‘rtamizda hech qanday munosabat yo‘q… U nimalarni his qilayotganimni biladi. Bu haqda biladi», – deya norozilik bildirgandi futbolchi.
Shundan keyin u Misr milliy jamoasi safida Afrika millatlar kubogiga jo‘nab ketdi, turnirdan qaytganidan keyin esa ko‘proq maydonga tusha boshladi: 2026 yilda u faqat bir marta 60 daqiqadan kamroq o‘ynadi – bu 15 mart kuni «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda (1:1) ro‘y berdi.
Shunga qaramay, Saloh baribir klubini o‘zgartirishga qaror qilgan. Jurnalist Pol Joys qayd etishicha, tomonlar o‘zaro rozilik asosida shartnomani bekor qilishga kelishishgan. Bu orqali «Liverpul» unga tovon puli to‘lashdan qutuladi, forvard esa keyingi faoliyati uchun klubni mustaqil tanlash imkoniga ega bo‘ladi.
Futbolchining agenti Rami Abbosga ko‘ra, u hamon kelgusida qayerda o‘ynashini aniqlab olmagan. Afrikalik yulduzli futbolchiga muqaddam Saudiya Arabistonidan katta takliflar bo‘lgan, ammo endi Yaqin Sharqdagi voqealar tufayli bunday transfer amalga oshishi dargumon.
Barcha sovrinlarni qo‘lga kiritgan
Saloh «Liverpul»ga 2017 yil iyunida «Roma»dan kelib qo‘shilgandi. To‘qqiz yil mobaynida misrlik hujumchi Angliyadagi barcha sovrinlarni qo‘lga kiritdi: ikki bor Angliya chempioni bo‘ldi, mamlakat Kubogi va Superkubogini, shuningdek, Angliya ligasi kubogini qo‘lga kiritdi.
Xalqaro arenada Muhammad o‘ziga xos het-trikka erishdi: Chempionlar ligasida, UYeFA Superkubogida va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib bo‘ldi.
Uning shaxsiy statistikasi ham ajoyib: Muhammad 435 o‘yinda 255 gol urgan va 122 assist amalga oshirgan, to‘rt bor APLning eng yaxshi to‘purari sifatida «Oltin butsa»ga ega chiqqan hamda liga tarixidagi eng yaxshi legioner to‘purarga aylangan. U yozgacha kolleksiyasini yana to‘ldirishi mumkin – jamoa YeChL va Angliya kubogidagi ishtirokini davom ettirmoqda.