Jamiyat
Saida Mirziyoyeva Toshkentda ekologiya bo‘yicha maxsus komissiya yig‘ilishini o‘tkazmoqda
«Prezident har kuni mendan shu masalalar bo‘yicha hisobot so‘raydi», – dedi u.
O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva seshanba kuni kechqurun Toshkentda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar bo‘yicha maxsus komissiya yig‘ilishini o‘tkazmoqda. Bu haqda komissiyaning Telegram kanali xabar berdi.
Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimlari Shavkat Umurzoqov, Zoyir Mirzayev hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ma’ruza qilmoqda.
«Yurtimizdagi havo bilan bog‘liq holat shaxsan davlatimiz rahbarining doimiy nazorati ostida bo‘lib turibdi. Doimiy kuzatuv va ilmiy tahlillar olib borilmoqda, mahalliy mutaxassislar hamda xorijlik ekspertlar ham jalb qilingan, havo ifloslanishi bilan bog‘liq muammoni bartaraf etishga barcha say-harakatlar safarbar qilingan», – deyiladi xabarda.
«Prezidentimiz mendan har kuni bu masala bo‘yicha hisobot so‘rayaptilar. Xalqimizning salomatligi bilan bog‘liq masala bo‘lgan joyda hech birimizning sustkashlikka yo‘l qo‘yishga haqqimiz yo‘q», – degan Saida Shavkatovna.
Muhokama tafsilotlari hali e’lon qilinmadi.