Siyosat
Saida Mirziyoyeva Oliy sud yangi raisini tanishtirdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 22-iyun kuni Oliy sudning yangi raisi Robaxon Anvarovna Maxmudovani sudyalar hamjamiyati hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlariga tanishtirdi.
«Prezidentimiz odamlar uchun eng muhim qadriyatlardan biri — adolat ekanini ko‘p bor ta’kidlaganlar. Jamiyatimizda qonunsizlik va korrupsiyaga aslo o‘rin qolmasligi shart. Zero, rivojlanish va farovonlikka qaratilgan har qanday islohot faqat mustaqil sudning ishonchli himoyasidagina chinakam kuchga ega bo‘ladi.
Hozirda Toshkent xalqaro moliya markazida Angliya huquqiga asoslangan sud tizimini shakllantiryapmiz. Amaldagi sudlarimiz ham ana shunday yangi tajribalarga ochiq bo‘lishi, dunyoning ilg‘or namunalarini o‘z faoliyatida dadil joriy qilishi juda muhimdir», deb yozdi Saida Shavkatovna.
Tizim alohida shaxslarga bog‘lanib qolmasdan, kadrlar almashinuvidan qat’i nazar, soat mexanizmi kabi aniq va uzluksiz ishlashi kerakligi, har bir sudya sharafi va sha’nini yuksak darajada saqlagan holda egnidagi mantiyasiga munosib bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.
Saida Mirziyoyeva Robaxon Anvarovnaga mustahkam iroda hamda doimo oqilona, halol va adolatli qarorlar qabul qilishida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.