Jamiyat

sahnada opera navolari yangramoqda (foto)

Published

on


Xabaringiz bor, ayni kunlarda Qoraqalpog‘istonning Bo‘zatov tumani butun mamlakatning eng iqtidorli yoshlari jam bo‘lgan, musiqa va san’at nafasi bilan yashayotgan qaynoq maskanga aylandi. Bu yil 370 ming yosh ichidan saralanib, finalga yetib kelgan 165 nafar eng sara iste’dod umumiy mukofot jamg‘armasi 2,5 milliard so‘m bo‘lgan «Yoshlar ovozi» tanlovida bellashmoqda.

Kechagina festivalning ilk bosqichida 40 nafarga yaqin yosh baxshilarning jonli ijrosi, do‘mbira chertib aytgan qo‘shiqlari davrani qizdirgan bo‘lsa, bugun Bo‘zatov osmoni butunlay o‘zgacha — nafis va mahobatli opera navolari bilan to‘ldi.

Sahnani opera yo‘nalishi bo‘yicha uchta yosh toifasida (10-15, 16-22, 23-30 yoshlar) bellashayotgan 40 dan ziyod iqtidorli o‘g‘il-qizlar egalladi. Mazkur yo‘nalishda g‘oliblik uchun kurashayotgan operachilar ham festivalning umumiy mukofot jamg‘armasidan munosib rag‘batlantirilishi san’at yo‘lidagi intilishlariga juda katta moddiy va ma’naviy dastakdir.

Keyingi paytlarda ushbu murakkab san’at turiga yoshlarning intilishi va mehri nechog‘lik kuchayganini ularning ijrosida, nigohlaridagi shijoatda yaqqol sezish mumkin. Bugungi dasturdan milliy musiqa an’analari va dramatik vokal ijroni o‘zida mujassam etgan o‘zbek opera san’atining durdonalari o‘rin oldi. Sahnada «Dilorom», «Gulsara», «Maysaraning ishi», «Zaynab va Omon» kabi klassik asarlardan ariyalar kuylandi.

Shuningdek, yosh ijrochilar jahon opera klassikasining eng murakkab namunalarini ham yuksak mahorat bilan ijro etdilar. Jumladan: J. Verdin, J. Puchchin, J. Bize kabi opera kompozitorlarinmng asarlaridan yangragan lirik va dramatik ariyalar Bo‘zatov kengliklarida aks-sado berdi.

O‘zbekiston xalq artisti, hakamlar hay’ati a’zosi Normo‘min Sultonov yosh ijrochilarga o‘z tavsiyalarini bildirib o‘tdi: «Repertuar tanlashda adashmaslik juda muhim. Yosh xususiyatlariga va ovoz imkoniyatlariga mos, birmuncha qulay asarlar tanlansa, ijro yanada tabiiy chiqadi va, albatta, baholar ham yuqori bo‘ladi».

Bu yilgi festival tom ma’noda shunchaki oddiy tanlov emas, balki haqiqiy tajriba va do‘stlik maydoniga aylandi. Ishtirokchilar baxshichilik yoki opera yo‘nalishida chiqish qilishidan qat’i nazar, ularning ovozi nafaqat hakamlar hay’ati, san’at ixlosmandlari va jurnalistlarni, balki shu yerda mehnat qilayotgan oddiy ishchi-xodimlarni, mezbonlarni ham birdek sehrlab qo‘ymoqda.

«Yoshlar ovozi» san’atga oshufta qalblarni yanada birlashtirishga, yurtimizda yangidan-yangi iste’dodlar zanjirini yaratishga xizmat qilmoqda. Festival 5-iyunga qadar davom etadi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version