Jamiyat
Rossiyadan noqonuniy olib kelinayotgan tibbiy buyum va dori vositalari to‘xtatib qolindi
“Volgograd – Toshkent” yo‘nalishidagi poyezd tekshirilganida 2 ta vagondan stomatologik buyumlar, implantlar va uskunalar, dori vositalari topilgan. Uni vagon kuzatuvchilari yashirib, olib kelayotgani aniqlangan.
Rossiya Federatsiyasidan noqonuniy olib kelinayotgan tibbiy buyum va dori vositalari to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan bojxona xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda “Volgograd – Toshkent” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan poyezd “Qoraqalpog‘iston – temiryo‘l” xalqaro o‘tkazish punktida tekshirilgan.
Tekshiruv jarayonida 7-vagon kuzatuvchisi bo‘lgan, Samarqand shahrida yashovchi 44 yoshli shaxs tomonidan vagonning havo aylantirish shaxtasiga 30 turdagi 2 742 dona stomatologik buyumlar, implantlar va uskunalar yashirib qo‘yilgani aniqlangan. Ularning narxi taxminan 913 mln so‘mni tashkil qilgan.
Shuningdek, poyezdning 12-vagonida ham shunga o‘xshash holat aniqlangan: vagon kuzatuvchisi bo‘lgan, Toshkent shahrida yashovchi 49 yoshli shaxs tomonidan bojxona ko‘rigidan yashirin ravishda olib kirilgan, taxminan 1,5 mlrd so‘mlik 12 turdagi jami 894 dona dori vositalari hamda tibbiy anjomlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, vagon kuzatuvchilari moddiy manfaatdorlik evaziga tibbiy buyum va dori vositalarini Toshkent shahriga yetkazib berishlari kerak bo‘lgan.
Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkent viloyatida tibbiy buyumlarning noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olingandi.