Iqtisodiyot
Rossiyadan naqd rubl va oltin olib chiqishga cheklov qo‘yiladi
Jismoniy shaxslarga Rossiyadan YeOII mamlakatlariga 10 ming dollar ekvivalentidan (kurs bo‘yicha) yuqori miqdorda naqd rubl olib chiqish taqiqlanadi. Istisno – RFning xalqaro aeroportlari orqali, bojxonaga oldindan xabar berib chiqish. Kredit tashkilotlariga bu cheklovlar tatbiq etilmaydi.
Foto: Oleg Xarseyev / Kommersant’
Jismoniy shaxslarga Rossiyadan YeOII davlatlariga naqd rublni 10 ming dollarga teng yoki undan ortiq ekvivalentda olib chiqish taqiqlanadi. Bu haqda dushanba, 2 fevral kuni “Interfaks” agentligi hujjat loyihasiga tayanib xabar qildi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, istisnolar RF xalqaro aeroportlari orqali mablag‘ olib chiqilganda qo‘llanadi. Bunda bojxona organlarini majburiy xabardor qilish, shuningdek pulning kelib chiqish manbai va u nima maqsadda ishlatilishi haqida ma’lumot taqdim etish shart bo‘ladi. Agar 100 ming dollar (84 600 yevro) chegarasidan ham oshsa, pul kelib chiqishini tasdiqlovchi hujjatlar ham talab qilinadi.
Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun deklaratsiyasiz (e’lon qilmasdan) olib chiqish bo‘yicha “minimum” bo‘lmaydi: ular istalgan summa olib chiqishi mumkin, ammo faqat xalqaro aeroportlar orqali va bojxonaga xabar bergan holda.
Kredit tashkilotlariga mazkur cheklovlar qo‘llanmaydi.
Bundan tashqari, jismoniy shaxslarga Rossiyadan umumiy og‘irligi 100 grammdan ortiq bo‘lgan oltin quymalarni olib chiqish ham taqiqlanadi. Istisnolar faqat Sheremetevo, Domodedovo, Vnukovo va Vladivostokdagi Knevichi aeroporti orqali uchib ketuvchilar uchun qo‘llanadi, bunda RF Federal proba palatasi ruxsati bo‘lgan taqdirda.
Cheklovlarni 1 sentabrdan RF prezidenti Vladimir Putin farmoni bilan joriy etish rejalashtirilgan. RF Moliya vazirligi loyihani izohlamagan.
2022 yil mart oyidan beri Rossiyada naqd xorijiy valuta va xorijiy valutadagi pul instrumentlarini 10 ming dollardan (8460 yevro) ortiq summada olib chiqish taqiqlangan.
YeOII tarkibiga Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kiradi.