Iqtisodiyot
Rossiyadan naqd rubl olib chiqishga yangi cheklovlar joriy etildi
Rossiya prezidenti Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)ga a’zo davlatlarga naqd valuta va oltin olib chiqish qoidalarini yanada kuchaytiruvchi farmonni imzoladi. Biznes vakillariga naqd pulni faqat xalqaro aeroportlar orqali olib chiqishga ruxsat beriladi.
Foto: Nikolay Gyngazov / Global Look Press
2026 yil 1 apreldan boshlab jismoniy shaxslar Rossiyadan YeOII Bojxona ittifoqiga a’zo davlatlar — Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga 100 ming dollardan ortiq summaga teng naqd rublni olib chiqishi mumkin bo‘lmaydi. Tegishli farmonni Rossiya prezidenti Vladimir Putin 25 mart, chorshanba kuni imzoladi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar uchun esa naqd pulni poyezd yoki avtomobil orqali olib chiqish taqiqi summa miqdoridan qat’i nazar amal qiladi. Ular naqd rublni faqat Rossiyaning xalqaro aeroportlari orqali olib chiqishi mumkin bo‘ladi.
1 apreldan jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar mablag‘larning kelib chiqishini bank hisobvaraqlari bo‘yicha ko‘chirmalar bilan tasdiqlashi va ularning xorijda qanday maqsadlarda ishlatilishini ko‘rsatgan holda deklaratsiya to‘ldirishi shart bo‘ladi.
Prezident farmoni, shuningdek, Rossiyadan 100 grammdan og‘ir oltin quymalarini olib chiqishga nisbatan ham cheklovlar joriy qiladi.
2026 yil 1 maydan boshlab YeOII davlatlariga bunday quymalarni yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar faqat Sheremetevo, Domodedovo, Vnukovo va Knevichi aeroportlari orqali, Rossiya Asilmetall va qimmatbaho toshlar nazorati palatasining maxsus ruxsati bilan olib chiqishi mumkin bo‘ladi.
Jismoniy shaxslar uchun esa yangi cheklovlar nafaqat YeOII davlatlariga, balki boshqa mamlakatlarga nisbatan ham qo‘llanadi.