Iqtisodiyot
Rossiyada real daromadlar o‘sishi keskin sekinlashdi
Rossiya hukumati 2026 yil uchun mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YaIM) o‘sishi bo‘yicha rasmiy prognozni sezilarli darajada pasaytirdi. Endi iqtisodiyot o‘sishi 1,3 foiz emas, balki atigi 0,4 foiz bo‘lishi kutilmoqda.
Bu haqda Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak “Vedomosti” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, 2027 yilda YaIM o‘sishi 1,4 foizni, 2029 yilga kelib esa 2,4 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.
“Interfaks” agentligi eslatishicha, Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligining 2025 yil sentabrda e’lon qilingan avvalgi prognoziga ko‘ra, 2026 yilda YaIM 1,3 foizga, 2027 yilda 2,8 foizga va 2028 yilda 2,5 foizga o‘sishi kutilgan edi.
Shu bilan birga, Rossiya hukumati 2026 yilda investitsion faollik pasayishi davom etishini ham kutmoqda. Novakning fikricha, iqtisodiy faollikning qayta tiklanishi faqat 2027 yildan boshlanishi mumkin.
Uning ta’kidlashicha, iqtisodiyot o‘sishi sekinlashayotganiga qaramasdan, Rossiyada ishsizlik darajasi pastligicha — 2,3–2,4 foiz atrofida saqlanib qoladi. Bu esa demografik omillar tufayli mehnat resurslari cheklangani bilan izohlangan.
Novakning prognozlariga ko‘ra, inflatsiya 2026 yilda 5,2 foizga yaqinlashadi va 2027 yildan boshlab 4 foizlik maqsadli daraja atrofida bo‘ladi. Uning eslatishicha, 2024 yilda Rossiyada inflatsiya 9,5 foizni tashkil etgan.
Rossiya hukumati uchun asosiy vazifalardan biri budjet muvozanatini saqlab qolish bo‘lib qolmoqda. Novak buni davlat daromadlari qisqarayotgani va xarajatlarga ehtiyoj, jumladan mudofaa hamda xavfsizlik sohalari xarajatlari oshib borayotgani bilan bog‘lagan.
Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, rossiyaliklar daromadlari o‘sishi 2025 yilning ikkinchi yarmidan buyon izchil sekinlashmoqda.
2025 yilning ikkinchi choragida aholining real daromadlari 10,1 foizga o‘sgan bo‘lsa, uchinchi chorakda bu ko‘rsatkich 7,7 foizga, to‘rtinchi chorakda esa 5,8 foizga tushgan.
2026 yilning birinchi choragida esa daromadlar o‘sishi atigi 1,5 foizni tashkil etgan.
Rossiya hukumati yil yakuniga qadar aholi daromadlari 2,1 foizga o‘sishini kutmoqda, biroq bu ham nisbatan past sur’at hisoblanadi.
Nashrning yozishicha, mamlakatda iste’mol kayfiyati indeksi ham pasayib bormoqda. 2026 yil fevral oyida mazkur indeks 2022 yil dekabridan beri ilk bor 100 punktdan pastga tushgan.
Bu rossiyaliklar shaxsiy moliyaviy ahvoli va mamlakat iqtisodiyoti bo‘yicha salbiy baholar ijobiy fikrlardan ustun kela boshlaganini anglatadi.
Kuzatuvlarga ko‘ra, mavjud vaziyatda rossiyaliklar xarajatlarni qisqartirib, hatto oziq-ovqat mahsulotlaridan ham tejay boshlagan.