Dunyodan
Rossiya Ukraina uchuvchisiz samolyoti Putinning qarorgohiga hujum qilganini da’vo qilmoqda
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 28-dekabrdan 29-dekabrga o‘tar kechasi Ukraina prezident Putinning Novgorod viloyatidagi rasmiy qarorgohiga dron bilan hujum qilganini ma’lum qildi.
U buni terakt deb atadi va barcha dronlar yo‘q qilinganini va hech kim jabrlanmaganini ta’kidladi.
“Bunday harakatlar e’tibordan chetda qolmaydi. Rossiya harbiylari javob zarbalari nishonlari va ularni amalga oshirish muddatlari haqida qaror qabul qildi”, – dedi TIV rahbari Lavrov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya AQSh bilan muzokaralardan chiqish niyatida emas. Biroq, ushbu voqeadan kelib chiqqan holda, “ Rossiyaning muzokaralardagi pozitsiyasi qayta ko’rib chiqilishi mumkin.”
Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bu voqeani tinchlik muzokaralaridagi har qanday taraqqiyotga putur yetkazish maqsadidagi soxta xabar deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Ukrainaga, xususan, Kiyevga qilingan hujumni oqlash va urushni tugatish uchun zarur choralarni ko‘rmaslik uchun qilingan.
Ayni paytda Prezident Tramp va Prezident Putin bugun telefon orqali gaplashdi. Rossiya prezidenti maslahatchisi Yuriy Ushakov suhbat mazmunini tushuntirib berdi va AQSh tomoni kecha Mar-a-Lagoda Ukraina delegatsiyasi bilan boʻlib oʻtgan muzokaralar natijalari boʻyicha Rossiya prezidentiga batafsil maʼlumot berganini aytdi.
Ushakov, shuningdek, prezident Putin prezident Tramp bilan Novgorod saroyiga qilingan hujum haqida gapirganini aytdi.
“AQSh prezidenti bu xabardan hayratda qoldi va tom ma’noda g’azablandi. U bunday aqldan ozgan harakatni tasavvur ham qila olmasligini aytdi. Bu, albatta, AQShning Zelenskiy bilan hamkorlik kontekstidagi yondashuviga ta’sir qiladi. Trampning o’zi aytganidek, Xudoga shukurki, unga “Tomaqavk” raketalari berilmagan”, – deyiladi Kreml rasmiy bayonotida.
AQSh tomoni hozircha tafsilotlarni ko‘rib chiqmagan. Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levitt faqat suhbat Ukraina haqida bo’lganini va “ruhida ijobiy” ekanligini aytdi.