Iqtisodiyot

Rossiya iqtisodiyoti migrantlarsiz yashay oladimi?

Published

on


Rossiyada mehnat migrantlaridan olabo‘ji obrazi yasalib, ularni asossiz yoki arzimas sabablar bilan qamash, do‘pposlash, tahqirlash va urushga jo‘natish odatiy holga aylanib qoldi. Har oy qaysidir ksenofob amaldor migrantlar haqida biror salbiy taklif ko‘tarib chiqadi, natijada mehnat muhojirlariga cheklovlar ko‘payib boryapti.

{Yii::t(}

O’tkazib yuborish 6s

O’tkazib yuborish

Xo‘sh, aslini olganda, joriy shart-sharoitlarda xorijiy ishchilarsiz Rossiya iqtisodiyoti “o‘tirib” qolmaydimi?

Rossiya mehnat bozoridagi vaziyat

Rossiya uzoq yillardan beri jiddiy demografik muammoga duch kelyapti: aholi qariyapti, tug‘ilish darajasi past, mehnatga layoqatli yoshlar ulushi qisqarib boryapti. So‘nggi yillarda bu muammo yanada keskinlashdi. Harbiy safarbarlik, emigratsiya va pandemiya natijasida yuz minglab mahalliy ishchi kuchi bozorni tark etdi. Natijada iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida mehnat resurslari tanqisligi yuzaga keldi. Aynan shu bo‘shliqni migrantlar, xususan Markaziy Osiyodan kelgan ishchilar to‘ldirib turibdi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda rasman ishlayotgan chet el fuqarolari soni taxminan 3 mln kishi. 2024 yilda patent asosida ishlayotgan migrantlar to‘lagan soliq qariyb 124 mlrd rublni tashkil etgan. 2025 yilning 5 oyida bu ko‘rsatkich 35 foizga oshgan. Ya’ni Rossiya budjeti migrantlar hisobidan katta daromad ko‘ryapti. Mamlakatdagi umumiy xorijlik ishchilar soni esa 6-6,5 mln atrofida ekani taxmin qilinadi. Bu ulush umumiy mehnat bozorining 7–8 foizini tashkil qiladi.

2025 yilda Rossiyada ishsizlik darajasi 2,1 foizgacha pasaydi. Bu SSSR parchalanib ketgan 1991 yildan keyingi davrdagi eng past ko‘rsatkich. Bir qarashda, ishsizlik qancha past bo‘lsa, shuncha yaxshidek ko‘rinadi, lekin aslida har doim ham unday emas. O‘ta past darajadagi ishsizlik ham chuqur iqtisodiy muammolardan darak beradi. Shu boisdan tahlilchilar Rossiyadagi ishsizlik darajasining o‘ta pastligini iqtisodiyot uchun ijobiy emas, balki inqiroz belgisi sifatida baholayapti.

Gap shundaki, yangi xodim topish imkonsiz bo‘lgani sababli, kompaniyalar kadrni ushlab qolish uchun oyliklarni oshirishga majbur bo‘lyapti. Ya’ni maoshlarning o‘sishi mehnat unumdorligidan ko‘ra tezroq yuz bera boshlagan. Bu esa istiqbolda tovarlar va xizmatlar narxining ko‘tarilishiga, inflatsiyaning kutilgan darajada pasaymasligiga sabab bo‘ladi. Yakunda iqtisodiy o‘sish sekinlashadi.

Sodda qilib aytganda, ishchi bo‘lmasa, zavod qo‘shimcha liniyani ishga tushirishni, quruvchi yangi bino qurishni boshlay olmaydi. Agar mehnat resursi tugasa, kapital va texnologiya bo‘lgan taqdirda ham ishlab chiqarish kengaymaydi. Masalan, zavod 10 ta yangi stanok sotib olishi mumkin, lekin ularni boshqaradigan operator bo‘lmasa, investitsiya o‘zini oqlamaydi.

Rossiyada kadrlar yetishmovchiligini ichki resurslar bilan to‘ldirib bo‘lmaydi. Mamlakat Markaziy banki ham asosiy stavkaning yuqori darajada ushlab turilishiga asosiy sabablaridan biri sifatida aynan ishsizlikning pastligi sababli odamlarning qo‘lidagi pul ko‘payishi va taklifning yetishmasligini keltirib o‘tgan.

Hukumatning “ishchi kam bo‘lsa, ayollar ko‘proq tug‘ishi kerak” degan g‘oyasi uzoq muddatda samara berishi mumkin, lekin qisqa muddatda vaziyatni yomonlashtiradi. Chunki tug‘uruq arafasida va undan keyin ayollarning bir muddat mehnat bozoridan chiqib ketishi kuzatiladi.

Migrantlar nima ish qiladi?

Rossiyadagi umumiy ishchi kuchida migrantlarning ulushi 7 foizdan 10 foizgacha baholansa-da, ayrim tarmoqlarda bu ko‘rsatkich nihoyatda katta. Masalan, qurilish – migrantlar eng ko‘p band bo‘lgan va xorijiy ishchi kuchisiz to‘xtab qolishi mumkin bo‘lgan asosiy tarmoq. Sohadagi jami ishchilarning 35–40 foizini migrantlar tashkil qiladi. Ba’zi yirik megapolislarda bu raqam 60–70 foizgacha yetishi mumkin.

Shuningdek, tozalash, ovqatlanish, savdo, kommunal xizmatlar, transport va logistika, issiqxonalar, hosil yig‘imi, chorvachilik va qayta ishlash tarmoqlarida ham migrantlar asosiy ishchi kuchi hisoblanadi.

Turli manbalarning baholashiga ko‘ra, Rossiyada bir xil ish uchun yo‘llanadigan mahalliy xodim va migrant xodimning o‘rtacha maoshi farqi taxminan 25 foizdan 40 foizgacha. Oxirgi paytlarda bu tafovut nisbatan qisqargan bo‘lishi mumkin, ammo migrantlarning ish vaqtlari davomiyligi mahalliy ishchilarga nisbatan ko‘proqligicha qolyapti.

“Rossiyadan yuborilayotgan pullar xayriya yoki sadaqa emas”

Iqtisodchi Behzod Hoshimov “biz Rossiyaga qarammiz” yoki “ular bizni boqyapti” degan iddaolar asossiz ekani haqida shunday yozadi:

“O‘zbekistonliklar Rossiyadan milliardlab dollar jo‘natishadi, to‘g‘ri. Lekin bu – rossiyaliklarning sadaqasi yoki xayriyasi emas, balki vatandoshlarimizning mashaqqatli mehnati evaziga olingan halol ish haqi. Maosh odatda xodim yaratgan qiymatdan past bo‘ladi, aks holda, u ishga olinmagan bo‘lardi. Demak, agar o‘zbekistonliklar Rossiyada bir milliard dollar ish haqi olgan bo‘lsa, ular bundan ham katta iqtisodiy qiymat yaratishgan. Qolaversa, barcha pul uyga yuborilmaydi: Rossiyaning o‘zida tovarlar va xizmatlar ko‘rinishida sarflanadi. Buning ustiga, jamg‘arma va investitsiyalar hisobiga Rossiya iqtisodiyotida qoladi. Bularning barchasi iqtisodiyotda ijobiy multiplikativ ta’sir beradi. Shu bois vatandoshlarimizning Rossiya iqtisodiyotiga va aholi farovonligiga qo‘shgan hissasi juda yuqori. Menimcha, ko‘pchilik tasavvuridan ancha katta multiplikativ ta’sirga ega”.

Behzod Hoshimovning qo‘shimcha qilishicha, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini chiqarib yuborishga urinishdan birinchi navbatda Rossiya tomonining o‘zi katta yo‘qotishga uchraydi.

“Qisqasi, ko‘p o‘zbeklar muhojir bo‘lgani uchun, biz Rossiyaga qaram emasmiz, aksincha, Rossiya iqtisodiyoti bizning mehnat kuchiga sezilarli darajada tayanishga majbur. Ikki taraflama foydali almashuv bu, lekin ularda bizdan ko‘ra yo‘qotadigan zarari kattaroq. Alternativa ularda kamroq.

Biz kabi til biladigan, moslashuvchan, kontekstni tushunadigan va madaniy jihatdan yaqin mehnat muhojirlarini ular o‘rta muddatda boshqa joydan topa olishmaydi va tezda almashtira olmaydi. Shuning uchun migrantlarga to‘siq qo‘yishdan ko‘proq zarar ko‘radigan tomon – aynan Rossiya”, deydi iqtisodchi.

Umuman olganda, Rossiyada ishlayotgan muhojirlar boqimanda emas, ular bir vaqtning o‘zida ikki mamlakatni iqtisodiy jihatdan rivojlantiryapti. Shu sababli ularga nisbatan bo‘layotgan munosabatda siyosiy populizm va emotsiyadan ko‘ra, fakt va iqtisodiy mantiqqa tayanish har ikkala tomon uchun ham foydali bo‘ladi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version