Sport

Ronaldu Saudiyada boykot boshladi

Published

on


U Karim Benzema «An-Nasr»ning asosiy raqobatchi bo‘lgan «Al-Hilol»ga o‘tayotganidan norozi.

Foto: Abdullah Ahmed/Getty Images

Saudiya Arabistoni futbolida navbatdagi muammo yuzaga keldi Karim Benzema «Al-Ittihod»ni mojaro bilan tark etishi ortidan «An-Nasr» hujumchisi Krishtianu Ronaldu ham boykot e’lon qildi.

Ronaldu jamoasining navbatdagi o‘yinida ishtirok etmoqchi emasligi haqida bir kun oldin ma’lum bo‘lgandi. A Bola xabariga ko‘ra, 40 yoshli forvard Saudiya Arabistoni Suveren fondi (PIF) strategiyasidan norozi – ushbu fond mamlakatdagi qator yirik klublarni, jumladan, «An-Nasr», «Al-Ittihod» va «Al-Hilol»ni ham boshqaradi. Krishtianuning fikricha, fond ko‘proq raqobatchilarni, jumladan,  «Al-Hilol»ni qo‘llamoqda.

Bundan tashqari, jurnalist Yag‘iz Sabunjio‘g‘lining ma’lumotiga ko‘ra, Karim Benzema «Al-Ittihod»dan «Al-Hilol»ga o‘tishi ham Ronalduni norozi qilgan – portugaliyalik futbolchi buni «halol raqobatga zarba» deb baholamoqda.

«An-Nasr»ning 2 fevral oqshomida «Ar-Riyoz»ga qarshi o‘yini qaydnomasi e’lon qilingach, oldinroq tarqalgan xabarlar tasdiqlandi: Krishtianu qaydnomaga ham kiritilmagandi. Shu bilan birga, insayder Fabritsio Romano unda hech qanday jarohat yoki ta’til olishga zarurat bo‘lmaganini aytib chiqdi.

Ronalduning xavotirlarini tushunish mumkin: «Al-Hilol» – uning jamoasining chempionlik yo‘lidagi asosiy raqobatchisi hisoblanadi, bu jamoa 19 turda 47 ochko to‘plagan. «Al-Nasr» bir ochkolik farq bilan ta’qib etmoqda, bu vaziyatda o‘tgan mavsum to‘purarlaridan biri bo‘lgan Benzema (21 gol) ushbu jamoa safiga o‘tishi esa raqibning imkoniyatlarini oshiradi.


Karim Benzema va Krishtianu Ronaldu

Foto: Global Look Press

Ronaldu 2023 yilda Saudiya futbolini tanitish maqsadida olib kelingan, shu bilan birga, unga katta va’dalar berilgan, xususan, jamoasiga boshqa yulduz futbolchilar bilan ham kuchaytirilishi aytilgandi.

Ammo o‘tgan davr ichida «An-Nasr»dan ko‘ra «Al-Ittihod» va «Al-Hilol»ga ko‘proq e’tibor qaratilib, asosiy yulduzlar shu jamoalarga olib kelindi va aynan shu jamoalar asosiy kuboklarni qo‘lga kiritdi, Ronaldu esa haligacha birorta jiddiy sovrin yuta olgani yo‘q.

Ronalduning boykoti «An-Nasr»dagi ilk norozilik harakati emas. Yanvar oyi o‘rtalarida jamoa bosh murabbiyi Jorjye Jyezush uning hozirgi klubi «„Al-Hilol“ kabi siyosiy hokimiyatga ega emasligi» haqida gapirgandi. E’tiborli jihati, u oldinroq aynan «Al-Hilol»ni boshqargandi. Uning bu so‘zlari katta shov-shuv keltirib chiqardi, «Al-Hilol» esa uni olti oydan bir yilgacha muddatga diskvalifikatsiya qilishni talab qildi.

«An-Nasr» va «Al-Hilol»ning so‘nggi yillardagi xarajatlari

Bunday xabarlardan keyin ayrim raqamlarni taqqoslab ko‘rish mumkin. «Al-Hilol» tarkibi (Benzemaning transferigacha) qiymati hozirda 190 mln yevroga, «An-Nasr»niki – 133 mln yevroga baholanadi. Ronaldu Saudiya klubiga 2022 yil 31 dekabrda kelgandi. Shundan keyingi davrda bu ikki jamoa transferlar uchun quyidagicha mablag‘lar sarflagan:

2023/2024 yillar mavsumida «Al-Hilol» transferlar uchun boshqa klublarga 376,1 mln yevro o‘tkazib bergan, 2024/2025 yillar mavsumida bu ko‘rsatkich – 102,95 mln yevroni, joriy mavsumda – 145,01 mln yevroni tashkil etmoqda. Ko‘rsatilgan davrdagi jami xarajat – 624,06 mln yevro.

«Al-Nasr» esa 2023/2024 yillar mavsumida – 164,01 mln, 2024/2025 yillar mavsumida – 140,35 mln, 2025/2026 yillar mavsumida – 104,97 mln yevro ishlatgan. Yakuniy raqam – 409,33 mln yevro. Bundan kelib chiqadiki, jamg‘arma «An-Nasr»ning tarkibini kuchaytirishga raqobatchisinikiga qaraganda 200 mln yevro kamroq mablag‘ ajratgan.

Bu oraliqda «Al-Nasr»ning daromadi: 1,52 mln + 20,12 mln + 11,65 mln = 33,29 mln yevro. «Al-Hilol»da bu raqamlar shunday ko‘rinishda: 1,38 mln + 14,85 mln + 11,52 mln = 27,75 mln yevro. Bundan kelib chiqadiki, «An-Nasr» transferlar uchun kamroq xarajat qilganiga qaramay, biroz ko‘proq mablag‘ ishlab topgan.

Shu qishda ham «An-Nasr» Iroqdan 21 yoshli Haydar Abdulkarimni safiga qo‘shib olish bilan cheklandi. «Al-Hilol» esa yangi futbolchilar uchun yana 44 mln yevro ishlatdi. Shundan 30 mln yevro «Renn»ning 18 yoshli hujumchisi Qodir Meyte uchun sarflangan.

Ammo asosiy gap butunlay boshqa raqamlarda. Ronaldu Saudiya Arabistoniga kelganidan buyon uning jamoasi birorta rasmiy kubokni qo‘lga kiritmadi. «Al-Hilol» esa bu davrda mamlakat chempioni, Saudiya Arabistoni kubogining ikki karra g‘olibi, mamlakat Superkubogining  ikki karra egasiga aylandi. Jami beshta sovrin. Bu esa Krishtianuning noroziligiga asos borligini ko‘rsatmoqda.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version