Sport
Ronaldu Oq uyda mehmon bo‘ldi
Tramp ziyofat chog‘ida o‘z o‘g‘li Berron futbolchining katta muxlisi ekanini, endi kumiri bilan tanishtirib qo‘ygani uchun o‘g‘li uni ko‘proq hurmat qila boshlashini aytib hazil qilgan.
Portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronaldu faxriy mehmon sifatida Oq uydagi kechki ovqatga tashrif buyurdi.
18 noyabr kuni Tramp Oq uyda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon sharafiga ziyofat uyushtirdi, marosimga taklif etilgan faxriy mehmonlar qatorida hozirda Saudiyaning «An-Nasr» klubi a’zosi bo‘lgan Krishtianu Ronaldu ham bor edi.
Portugaliyalik yulduz futbolchiga Apple direktori Tim Kuk hamda Tesla asoschisi Ilon Mask kabi mashhurlar o‘tirgan tarafdan joy berilgan.
Uchrashuv chog‘ida Tramp Ronalduga taklifni qabul qilgani uchun minnatdorchilik bildirib, o‘z o‘g‘li, 19 yoshli Berron futbolchining muxlisi ekanini aytgan.
«Bilamizmi, mening o‘g‘lim Krishtianu Ronalduning katta fanati. Ronaldu esa shu yerda (qarsaklar). Menimcha, endi ularni tanishtirib qo‘yganim uchun Berron meni ko‘proq hurmat qila boshlasa kerak», – deya hazil qilgan Tramp.
U Ronalduni barcha davrlarning eng buyuk futbolchisi (G.O.A.T.) deb atagan.
Ma’lumot uchun, AQSh 2026 yil yozida bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionati mezbonlaridan biri sanaladi. Shu kunlarda Portugaliya ham ushbu turnirga yo‘llanma oldi. 40 yoshli Ronaldu uchun bu faoliyatidagi so‘nggi mundial bo‘lib qoladi.