Jamiyat

«Rektorlar maktabi» dasturiga qabul qilish tartibi tasdiqlandi

Published

on


Adliya vazirligi «Yangi O‘zbekiston» universitetida davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlashga qaratilgan «Rektorlar maktabi» dasturiga qabul qilish tartibini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Yangi nizomga ko‘ra, nomzodlar ochiq tanlov asosida to‘rt bosqichli saralashdan o‘tadi.

Adliya vazirligi ma’lum qilishicha, «Yangi O‘zbekiston» universitetida davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlash bo‘yicha «Rektorlar maktabi» dasturi doirasida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2026 yil 13 iyul kuni 3897-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Nizomga muvofiq, dasturda ishtirok etish uchun nomzodlar kamida 30 yoshga to‘lgan, magistr akademik darajasiga ega, oliy ta’lim sohasida kamida besh yillik ish tajribasiga, shu jumladan, rahbarlik lavozimlarida kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lishi lozim.

Qabul jarayoni to‘rt bosqichda tashkil etiladi. Ular hujjatlarni qabul qilish va o‘rganish, test sinovlari, psixologik baholash hamda suhbatdan iborat.

Nomzodlarning test, psixologik baholash va suhbat natijalari bo‘yicha to‘plagan umumiy ballari asosida reyting shakllantiriladi. Qabul kvotasi doirasida eng yuqori natija qayd etgan nomzodlar o‘qishga tavsiya qilinadi.

Shuningdek, nizomda hujjatlarni topshirish tartibi, baholash mezonlari, natijalarni e’lon qilish, apellyatsiya berish hamda qabul jarayonining shaffofligini ta’minlash mexanizmlari ham belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 16 apreldagi 177-son qaroriga muvofiq, davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlar faqat «Rektorlar maktabi» dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan va rektorlar zaxirasiga kiritilgan shaxslar orasidan tanlab olinadi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version