Jamiyat
Reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalariga oid huquqlar himoyasi kuchaytiriladi
Reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalariga oid huquqlar himoyasi kuchaytiriladi.
«Aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ-265-son, 15.07.2026-y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxslar o‘z huquqlarini mustaqil ravishda amalga oshirish yuzasidan sudlarga murojaat qilishda davlat bojidan ozod qilinishi belgilandi.
2026-yil 1-oktyabrdan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan sanasi kabi birlamchi ma’lumotlari o‘zgarganda o‘zida ushbu ma’lumotlarni aks ettiruvchi davlat organlariga tegishli axborot tizimlaridagi ma’lumotlarga avtomatik tarzda idoralararo elektron hamkorlik yo‘li bilan o‘zgartirishlar kiritish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
2026-yil 1-noyabrdan boshlab:
– mobil aloqa vositalari orqali SMS-xabarnomalar yo‘li bilan tovar (ish, xizmat)larni taklif (reklama) qiluvchi har qanday yuridik va jismoniy shaxslar faqat shaxsning yozma yoki elektron roziligini olgandan so‘ng ushbu harakatlarni (reklamani) amalga oshiradi;
– mobil aloqa vositalariga reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarnomalarni jo‘natish xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar o‘zlarining axborot tizimlarini Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazgandan keyin tegishli xizmatlarni ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yiladi;
– reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalarini telekommunikatsiya tarmoqlari (mobil aloqa) orqali soat 18.00 dan 09.00 gacha tarqatish taqiqlanadi;
– mobil aloqa operatorlariga o‘zlari tomonidan tarqatiladigan reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalarini abonent so‘roviga ko‘ra to‘liq yoki qisman bloklash majburiyati yuklatiladi;
– mazkur belgilangan talablarga rioya etmaslik reklama hamda shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish hisoblanadi va tegishli choralar ko‘rish uchun asos bo‘ladi.