Sport
«Real» yana «Benfika»ga qarshi o‘ynaydi. YeChL o‘tish bosqichiga qur’a tashlandi
Joze Mourinio boshqaruvidagi lissabonliklar jamoasi umumiy guruh bosqichining so‘nggi turida dramatik kechgan bahsda madridliklarning «oyog‘idan tortib» qolgandi.
Shveytsariyaning Nion shahrida, Yevropa futboli uyida Chempionlar ligasining 2025/26 yillar mavsumi o‘tish bosqichi uchun qur’a tashlandi.
Bu bosqichda umumiy bosqichda 9-dan 24-gacha bo‘lgan o‘rinlarda qolgan jamoalar qo‘shimcha ikkitadan o‘yin o‘tkazishadi. Juftliklar g‘oliblari 1/8 finalga chiqadi va umumiy bosqichda kuchli sakkizlikka kirgan jamoalarga raqib bo‘lishadi.
Chempionlar ligasi o‘tish bosqichidagi juftliklar:
«Borussiya» – «Atalanta»
«Olimpiakos» – «Bayyer»
«Yuventus» – «Galatasaroy»
«Atletiko» – «Bryugge»
«PSJ» – «Monako»
«Nyukasl» – «Qorabog‘»
«Real» – «Benfika»
«Inter» – «Budyo-Glimt»
E’tiborli tomoni, qur’a yana «Real» va «Benfika»ni o‘zaro raqib qildi: umumiy guruh bosqichining so‘nggi turida ushbu jamoalar o‘rtasida kechgan bahsda portugaliyaliklar 4:2 hisobida g‘alaba qozongan, 90+8-daqiqada urilgan to‘rtinchi gol jamoa turnir jadvalida 24-o‘ringa ilinib qolishini ta’minlagan, durang hisob ham qoniqtirishi mumkin bo‘lgan madridliklar esa mag‘lubiyatdan keyin kuchli sakkizlikdan tushib ketgandi.
Bu bosqichda dastlabki o‘yinlar 17 va 18 fevral kunlari, javob bahslari – 24 va 25 fevral kunlariga belgilangan.
Saralangan jamoalar (umumiy guruh bosqichida yuqoriroqda joylashgan va yuqoridagi ro‘yxatda nomlari birinchi qo‘yilgan) javob o‘yinlarini o‘z uyida qabul qiladi.
O‘tish o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan jamoalar 1/8 finalga chiqadi, bu bosqichda ularni umumiy bosqichidagi dastlabki sakkiz o‘rinni egallagan jamoalar («Arsenal», «Bavariya», «Liverpul», «Tottenhem», «Barselona», «Chelsi», «Sporting» va «Manchester Siti») kutmoqda. Pley-off bosqichi uchun 27 fevral kuni alohida qur’a tashlanadi.