Sport

«Real» Madridda yutqazdi, «Arsenal» g‘alaba bilan qaytdi. Kun o‘yinlari

Published

on


40 yoshli Noyyer «Bernabeu»da 9 seyv amalga oshirib, o‘yin qahramoniga aylandi, «Arsenal» butun o‘yin davomida golli vaziyatga ega bo‘lmasdan, yakunda g‘alabani ilib ketdi. 

Noyyer oqshom qahramoni

«Real» – «Bavariya» 1:2

Gollar: L. Dias, 41 (0:1). Keyn, 46 (0:2). Mbappe, 74 (1:2)

«Real»: Lunin, Ryudiger, Hausen (Eder Militau, 62), Karreras, Aleksandr-Arnold, Tshuameni, Pitarch (Bellinghem, 62), Arda Guler (B. Dias, 71), Valverde, Vinisius Junior, Mbappe

«Bavariya»: Noyyer, Upamekano, Ta, Laymer (Deyvis, 69), Stanishich, Kimmih, Pavlovich (Goretska, 90+3), Gnabri (Musiala, 69), L. Dias (Bishof, 90+3), Olise, Keyn

Ogohlantirishlar: Tshuameni, 36 – Ta, 71. L. Dias, 77. Noyyer, 82. Musiala, 86

«Real» Chempionlar ligasi chorakfinalidagi ilk uchrashuvda «Bavariya»ga mag‘lub bo‘ldi. Ammo Madriddagi o‘yinda mezbonlar kutilganidan yaxshiroq harakat qilishdi.

«Bavariya» o‘yinni juda kuchli boshladi. Vensan Kompani jamoasi tajovuzkor pressing evaziga o‘yin boshlanganiga 43 soniya bo‘lganidayoq ilk xavfli vaziyatini yuzaga keltirdi. O‘yin startida myunxenliklar «Real» jarima maydoni atrofida ketma-ket standart vaziyatlarga ega bo‘lishdi. «Qaymoqranglilar» darvozasida jarohatdagi Kurtua o‘rnini egallagan Lunin to‘pga chiqishda xatolarga yo‘l qo‘ydi. Shunga qaramay, mezbonlar bu oraliqdan gol o‘tkazmasdan o‘tib olishdi. To‘qqizinchi daqiqada «Bavariya»da superimkoniyat yuzaga keldi – jamoa jarima zarbasini ayyorlik bilan ijro etib, uning yakunida Yupamekano darvoza qarshisida yolg‘iz qoldi, ammo u bir necha metr masofadan turib to‘pni to‘g‘ri tepa olmadi.

Shundan keyin «Real» ham hujumga o‘ta boshladi. Guler Mbappeni yaxshi vaziyatga chiqardi, ammo Noyyer ishonchli harakat qildi. 18-daqiqada esa 40 yoshli darvozabon Vinisiusning zarbasini ham qaytardi. Mezbonlar vaqti-vaqti bilan qarshi hujumlar uyushtirishdi, ammo o‘yinda mehmonlar to‘liq ustunlik qilishdi. Myunxenliklar kuchli pressingni davom ettirishdi, shunday vaziyatlardan birida yosh Pitarch to‘pni raqibga oldirdi, ammo Lunin Gnabrining zarbasini qaytarib, jamoani muqarrar goldan qutqardi. Javob hujumida esa Mbappe hisobni ochishi mumkin edi, ammo Noyyer bunga yo‘l qo‘ymadi.

«Bavariya» birinchi bo‘limda yaxshiroq ko‘rindi va tanaffus arafasida haqli ravishda hisobda oldinga chiqib oldi. Keyn, Gnabri va Dias ishtirokidagi kombinatsiya kolumbiyalik hujumchi yakkama-yakka vaziyatga chiqib borishi va darvozabonni dog‘da qoldirishi bilan yakunlandi. Bu hujum maydon markazida Vinisius to‘pni yo‘qotishi bilan boshlandi, hujum yakunida esa Trent o‘zi qo‘riqlashi kerak bo‘lgan futbolchini ko‘zdan qochirdi.

«Real» uchun ikkinchi bo‘lim debyuti ham muvaffaqiyatsiz kechdi. Hakam hushtagi chalinishidan ko‘p o‘tmay Pavlovich maydon markazida Karrerasdan to‘pni olib qo‘ydi va golli hujumni boshlab berdi. Hujum yakunida Olisedan to‘pni qabul qilib olgan Harri Keyn yerlatib aniq zarba yo‘lladi. Biroz o‘tib fransiyalik vingerning o‘zi hisobni yanada yiriklashtirishi mumkin edi – Lunin yaqin burchagiga yo‘llangan zarbani qaytarib qoldi.

Yo‘qotadigan narsasi qolmagan «Real» futbolchilari ochilishga majbur bo‘lishdi. Natijada mehmonlarda yana bir qator vaziyatlar yuzaga keldi. 56-daqiqada Olise olis masofadan xavfli zarba berdi, keyin esa Keyn o‘z jamoasi jarima maydoni oldida to‘p yo‘qotgan Valverdeni kechirdi.

Shunga qaramay, «Real» ham baribir o‘z vaziyatlariga ega bo‘ldi: bo‘lim o‘rtalarida Vinisius Upamekanoning qo‘pol xatosidan foydalanib, darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi, ammo Noyyer o‘z vaqtida oldinga chiqib, braziliyalik hujumchini xato zarba yo‘llashga majbur qildi.

«Real» taslim bo‘lmadi. «Qirollik klubi» «Bernabeu»da bunday qila olmasdi ham. Arbeloa jamoasi o‘ziga kelib, jipslashdi. Ammo Noyyer o‘zini ko‘rsatishda davom etdi. 66-daqiqada Mbappe jarima maydoniga yorib kirib, xavfli zarba berdi, ammo darvozabon yana bir bor fantastik seyv ijro etdi.

Faqat keyingi hujumda, 74-daqiqada Mbappe uni baribir ojiz qoldira oldi – Trent qanotdan uzatma berdi, fransuz hujumchisi yaqin masofadan zarba berdi. Bu epizodda ham faxriy darvozabon to‘pga ulgurdi, ammo bu safar to‘p chiziqni kesib o‘tishga ulgurgandi.


 

«Real» shundan keyin o‘ziga o‘xshab o‘ynay boshladi va o‘yinning oxirgi qismi shiddatli kechdi. Germaniya chempionlari uchinchi golni urishi ham, ispanlar mag‘lubiyatdan qutulib qolishi ham mumkin edi. Madridliklar zarbalar soni bo‘yicha «Bavariya»ga tenglashib ham oldi – 20:20 (darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar – 9:8). Lekin yakunda boshqa gol urilmadi va Kompani shogirdlari haqli g‘alabaga erishdi, lekin yarimfinal taqdiri Myunxenda 15 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda hal bo‘ladi.

«Arsenal» o‘z uslubida

«Sporting» – «Arsenal» 0:1

Gol: Havers, 90+1 (0:1)

«Sporting»: Ruy Silva, Gonsalu Inasiu, Diomande, Arauxo, Fresneda, Morita, Simoyes (Bragansa, 62), Gonsalvesh (Nel, 79), Katamu, Trinkau, Suares

«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Kalafiori, Uayt, Subimendi, Rays, Edegor (Havers, 70), Trossar (Martinelli, 76), Madueke (Douman, 76), Yokeresh

Ogohlantirish: Morita, 31

«Arsenal» YeChL 1/4 finali uchrashuviga o‘ng qanotdagi muammolar bilan yetib keldi. Himoyachi Yurriyen Timber va vinger Bukayo Saka jarohat tufayli maydonga tusha olmasdi. Natijada ularning o‘rinbosarlari – Ben Uayt va Noni Madueke ilk daqiqalardan maydonda harakat qilishiga to‘g‘ri keldi. Va bu maydondagi voqealarga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi.

O‘yinning oltinchi daqiqasida Maksimiliano Arauxo aynan Uaytning qanotidan «Arsenal» jarima maydoniga kirib bordi va kuchli zarba yo‘lladi, to‘p darvozabonning barmoqlariga tegib o‘tgan holda to‘singa bordi.

Keyin esa «Arsenal» asta-sekinlik bilan o‘yinni o‘z darvozasidan uzoqlashtira boshladi. Jamoaning ilk xavfli vaziyati kutilganidek burchak zarbasi orqali yuzaga keldi. 15-daqiqada Madueke burchakdan to‘pni to‘g‘ridan to‘g‘ri darvoza tomon yo‘lladi, faqat to‘p bu safar ham to‘sindan qaytdi.

Umuman olganda, birinchi bo‘lim teng kuchlar ostida kechdi. «Sporting»da vaziyatlar ko‘p bo‘lmadi, «Arsenal»da undan ham kamroq. Mehmonlar ko‘proq vaqt mobaynida to‘pga egalik qilishdi, ammo jamoa mezbonlarning qarshi hujumga chiqib ketishini, shuningdek, hali oldinda javob o‘yini borligini hisobga olgan holda vaziyatni keskinlashtirmaslikni ma’qul ko‘rdi.

«Arsenal» faqat ikkinchi bo‘limda statistikani to‘g‘rilashga harakat qildi va mezbonlar darvozasi oldida xavfli vaziyatlar yuzaga kela boshladi. 63-daqiqada esa mehmonlar darvozani ishg‘ol etishdi ham. Ammo VAR hujum vaqtida Viktor Yokeresh ofsaydda qolgani tufayli Subimendining chiroyli golini bekor qildi.

Birinchi bo‘limni shiddatli o‘tkazgan «Sporting»da esa kuch tugab qoldi va jamoa to‘liq himoyada o‘ynadi. Faqat o‘yin oxirida so‘nggi kuchlarini yig‘ib oldinga o‘tdi, 83-daqiqada esa hisobn ochishga juda yaqin keldi. O‘ng qanotdan to‘p uzatilganitda Hidemasa Katamo yaqin masofadan boshda zarba berdi, ammo Rayya yaqin burchakka kirib ketayotgan to‘pni to‘sishga ulgurdi. Uch daqiqa o‘tib u yaponiyalik futbolchining yana bir xavfli zarbasini qaytardi.

Shundan keyin o‘yin golsiz durangga qarab ketayotgandi, ammo Artetaning ikkinchi bo‘limdagi futbolchi almashtirishlari ish berdi. 90+1-daqiqada Gabriel Martinelli chap qanotdan markazga yurdi va himoyachilar ortiga to‘p uzatdi, Kay Havers esa to‘pga yetib borib, osonlik bilan darvozani ishg‘ol etdi. Bu g‘alaba «Arsenal»ning butun mavsumi ifodasi bo‘ldi. Jamoa tomoshabop o‘yin ko‘rsatmayapti, lekin o‘ziga kerakli natijaga erishmoqda. Endi bir haftadan keyin Londonda kechadigan javob bahsida jamoani durang ham qoniqtiradi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version