Iqtisodiyot
Raqobat qo‘mitasi elektron tijorat bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarda qoidabuzarliklarni aniqladi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan elektron tijoratning ommaviy oferta shartnomalarida 45 ta holatda aniqlangan kamchiliklar qonun talablariga muvofiqlashtirildi.
Elektron tijorat bozori ishtirokchilari tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar talab darajasida emasligi yuzasidan tushgan murojaatlar asosida o‘rganishlarni o‘tkazdi, deya xabar berdi Raqobat qo‘mitasi axborot xizmati.
Qayd etilishicha, elektron tijorat va masofadan turib (onlayn) mahsulot sotuvchi veb-saytlar hamda ommaviy oferta shartlari tahlil qilinganda quyidagi holatlar aniqlangan:
26 ta holatda – Uzum Tezkor oferta shartnomasi (15 ta band, 117 ta kichik bandlardan iborat);
18 ta holatda – Bee Market («Unitel» MChJ) oferta shartnomasi (18 ta band, 73 ta kichik bandlardan iborat);
Orzon.uz va BROSTORE oferta shartnomasi mavjud emas;
Seide International XK MChJ ommaviy ofertalari davlat tilida berilmagan.
O‘rganishlarda elektron savdolarda nuqsonli tovarni almashtirish yoki pulini qaytarib bermaslik, iste’molchiga to‘liq, ishonchli ma’lumotlar taqdim etmaslik va yetkazib berish muddatlari buzilishi hamda shartnomalarning davlat tilida taqdim etilmasligi kabi qonunbuzilish holatlari mavjudligi aniqlangan.
«Qo‘mita tomonidan mazkur elektron savdo do‘konlariga kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan hamda so‘rov xatlari yuborilgan. Bugungi kunda ommaviy ofertalar qonunchilik talablariga moslashtirilishi ta’minlandi», deyiladi xabarda.