Sport
«Raqibdan qo‘rqmaymiz» – Kannavaro Portugaliya bilan o‘yin haqida
Murabbiy o‘z futbolchilari o‘yin oxirigacha kurashishiga ishonch bildirdi va futbolchilar jamoa bo‘lib harakat qilsa, ijobiy natijaga erishish mumkinligini ta’kidladi. Jamoa sardori Eldor Shomurodov esa JChda debyutni o‘tkazib olgan futbolchilarda bosim yo‘qligini aytdi.
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Portugaliyaga qarshi o‘yindan oldingi matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytardi. U ijobiy natija uchun barcha futbolchilar birgalikda ter to‘kishi lozimligini ta’kidlagan.
«Raqibimiz jahon chempionatidagi eng kuchli jamoalardan biri hisoblanadi. Agar Portugaliya jamoasini tahlil qilib ko‘rsangiz, ularning qanotlarda juda kuchli futbolchilari bor, dunyoning eng yaxshi yarimhimoya chiziqlaridan biriga ega, shuningdek futbol tarixidagi eng yaxshi futbolchilaridan biri ham shu jamoada o‘ynaydi.
Shunday ekan, bu oson o‘yin bo‘lmaydi. Lekin biz jahon chempionatidamiz, jamoa sifatida harakat va mehnat qilishimiz zarur. Chunki ijobiy natija bilan maydonni tark etishning yagona yo‘li shu», – deya Kannavaroning so‘zlarini keltirmoqda O‘FA matbuot xizmati.
Murabbiy futbolchilar nomdor raqibdan qo‘rqmasligini ta’kidlagan.
«Biz Portugaliyaning futbol falsafasini o‘rganishga harakat qildik. Ular doimo to‘p nazorati orqali o‘yinni boshqarishni yoqtiradi. Shuningdek, uchrashuvni juda faol boshlashga intilishlarini ham bilamiz. Chunki imkon qadar tezroq o‘yinni o‘z foydasiga burishni, himoyani yorib o‘tishni istashadi.
Shundan kelib chiqib biz ham bunga tayyorgarlik ko‘rdik, deb o‘ylayman. O‘z rejamiz va strategiyamiz bor va maydonda aynan o‘z o‘yinimizni namoyish etishga harakat qilamiz. Futbol shunday o‘yin. Biz juda kuchli jamoaga qarshi maydonga tushayotganimizni bilamiz, ammo avval ham aytganimdek, biz bundan qo‘rqmaymiz.
Qo‘limizdan kelgan eng yaxshi o‘yinni ko‘rsatishga va uchrashuv oxirigacha kurashishga harakat qilamiz», – deydi italiyalik mutaxassis.
U raqib jamoa sardori Krishtianu Ronalduga to‘xtalib, uni jarima maydonida e’tiborsiz qoldirib bo‘lmasligini ta’kidlagan.
«Yuqorida ham aytganimdek, biz faqat Krishtianuga qarshi o‘ynamaymiz. U futbol tarixidagi eng buyuk futbolchilardan biri, biroq Portugaliya faqat Ronaldudan iborat emas. Ularning asosiy tarkibida ham, zaxirasida ham juda ko‘p yuqori saviyali futbolchilar bor.
Shunga qaramay, jarima maydonida Ronalduni bir lahzaga ham e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. U standart vaziyatlarda ham, o‘yin davomida ham istalgan payt gol urishga qodir. Shu bois, butun o‘yin davomida maksimal darajada diqqatli bo‘lishimiz kerak», – deydi jamoa bosh murabbiyi.
U Kolumbiyaga qarshi o‘yin futbolchilarning jismoniy holati yaxshiligini ko‘rsatganini qayd etgan: «Jamoaga kelganimizdan buyon asosiy e’tibor futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilashga qaratildi. Ayrim futbolchilar turli chempionatlarda o‘ynagan, ba’zilarida esa ma’lum muammolar mavjud edi. Shunga qaramay, so‘nggi o‘yin davomida futbolchilarning holati yaxshi ekanini ko‘rdim. Jamoa uchrashuvni yuqori tempda yakunladi va barcha o‘zini yaxshi his qildi».
Shuningdek, murabbiy futbolchilar ko‘p yugurishi emas, aql bilan yugurishi lozimligini ta’kidladi.
«Albatta, statistikalarni tahlil qilish oson emas. Masalan, to‘pning harakat tezligiga qarasangiz, futbolchilarning texnik mahorati qanchalik yuqori ekanini tushunishingiz mumkin. Men faqat jismoniy ko‘rsatkichlarga qarashni yoqtirmayman. Chunki yakunda eng muhimi — to‘pni qanday nazorat qilishingiz, qanday uzatishingiz va uni qanchalik kam yo‘qotishingizdir.
Menimcha, agar siz o‘yin davomida to‘pni 20 marta yo‘qotsangiz, uni qaytarib olish uchun 20 marta yugurishingizga to‘g‘ri keladi. Bu esa juda muhim omil. Portugaliyaning statistikasi esa, albatta, ko‘p jihatlar bo‘yicha yuqori darajada. Biz buni bilamiz va tahlil qilib chiqdik.
Shu bilan birga, biz maydonda tartibsiz ravishda har tomonga yugurib yurishimiz kerak emas. Masala ko‘p yugurishda emas, to‘g‘ri yugurishda. To‘pni yo‘qotmaslik va uni qayerda qaytarib olishni bilish muhim», – degan Kannavaro.
Kannavaro jahon chempionati oson turnir emasligini eslatib, O‘zbekiston jamoasi g‘alaba uchun maydonga tushishini ma’lum qildi. «Biz ushbu o‘yinda g‘alaba qozonishimiz kerak. Agar yakka tartibda emas, balki jamoa bo‘lib harakat qilsak, natijaga erisha olamiz», – deydi u.
Murabbiy Kolumbiyaga qarshi kechgan birinchi uchrashuvda futbolchilar diqqatni yaxshi jamlashgani va yagona jamoa sifatida harakat qilishganini qayd etgan.
«Ular istalgan jamoaga qarshi o‘ynay olishlarini ko‘rsatishdi. To‘g‘ri, xatolarga yo‘l qo‘yilganda, ular uchun qimmat to‘lashga to‘g‘ri keladi. Biz buni tushunamiz. Yo‘qotadigan hech narsamiz yo‘q, jahon chempionatida ilk bor ishtirok etyapmiz. Albatta, hech kim yutqazishni xohlamaydi va bu birinchi navbatda futbolchilarning o‘zlari uchun og‘ir. Lekin ertangi o‘yinni xuddi Kolumbiyaga qarshi bahsdagidek kuch va shijoat bilan boshlashimiz kerak. Qo‘rqib o‘tirmaymiz va dastlabki daqiqalardanyoq tayyor bo‘lamiz. Himoyaga yotib olmasdan, gol urishga va imkoniyatlarimizdan foydalanishga harakat qilamiz», – deya uning so‘zlarini keltiradi Gazeta muxbiri.
Milliy jamoa sardori Eldor Shomurodov ham matbuot anjumanida jurnalistlardan bo‘lgan savollarga javob qaytardi. U Kolumbiya bilan o‘yin haqida gapirarkan, jamoa yo‘l qo‘yilgan xatolarni allaqachon muhokama qilib olganini aytdi.
«Birinchi bo‘limda o‘yinimiz qovushmadi, ikkinchi bo‘limda esa to‘pni ko‘proq nazorat qila oldik. Ko‘proq mana shunday o‘ynash kerakligini muhokama qildik. Bunday xatolarni takrorlamasdan, o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga, to‘pni ko‘proq nazorat qilib, vaziyatlar yaratishga harakat qilamiz», – deydi u.
Eldor Shomurodov futbolchilar uchrashuvga xotirjam tayyorgarlik ko‘rishayotganini va bosim sezishmayotganini ta’kidladi.
«Albatta, bizda bosim yo‘q. Shu sababli, ertaga bizga Portugaliyaga qaraganda osonroq bo‘ladi deb o‘ylayman. Ular g‘alaba qozonish uchun ko‘proq harakat qilishadi.
Bizda ajoyib jamoa shakllangan, birinchi o‘yindan keyin o‘zimizga bo‘lgan ishonch paydo bo‘ldi. Debyutni o‘tkazib bo‘ldik, shuning uchun endi bosim yo‘q. Ertaga maydonga faqat yaxshi natija uchun chiqamiz», – deydi jamoa sardori.
Portugaliyaning Kongo DR bilan durang o‘ynagani raqibga bo‘lgan munosabatga ta’sir qiladimi-yo‘qmi degan savolga javob berarkan, Shomurodov O‘zbekiston bor e’tiborini o‘z o‘yiniga qaratishini ta’kidladi.
«Kelganimizdan beri murabbiy bosim yo‘qligini ko‘p marta aytdi. Biz boshqa jamoalarga qaramasligimiz, balki o‘zimiz ochko to‘plashga va guruhdan chiqishga harakat qilishimiz kerak. Bu borada birinchi tur u qadar muhim emas edi. Boshqalarga e’tibor qaratmasdan, o‘z natijalarimizga diqqat qaratishimiz lozim», – deb ta’kidladi u.
O‘zbekiston milliy jamoasi Kolumbiyaga qarshi birinchi o‘yinda so‘nggi daqiqalargacha kurashda qolgan, ammo yakunda alamli gol o‘tkazib, 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lgandi. Jamoaning Portugaliyaga qarshi ikkinchi tur uchrashuvi Toshkent vaqti bilan 23 iyun kuni soat 22:00 da (mahalliy vaqt bilan soat 12:00) boshlanadi.