Iqtisodiyot
“Quyoshli xonadon”larga aprel–may oylari uchun subsidiya to‘lab berildi
Uyiga quyosh paneli o‘rnatib davlatga elektr energiyasi sotgan 60 mingdan ortiq aholiga, kechikish sababiga izoh berilmagan holda, aprel-may oylari uchun 156 mlrd so‘m subsidiya to‘lab berildi. Subsidiya oluvchilar soni mart oyiga nisbatan 15 ming nafarga yoki 33 foizga ko‘paygan. Ayni paytda tadbirkorlar oldidagi xuddi shunday qarzdorlik masalasida yangilik bo‘lganicha yo‘q.
O‘zbekiston hukumati “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida jismoniy shaxslar oldidagi subsidiya qarzdorliklarini to‘lab bermoqda.
Soliq qo‘mitasi xabariga ko‘ra, joriy yilning aprel-may oylarida 60 193 nafar jismoniy shaxs “Quyoshli xonadon” dasturidan foydalanib, elektr tarmoqlariga uzatilgan 156 125 388 kWh quyosh energiyasi uchun davlat budjetidan 156 mlrd 125 mln so‘m subsidiya oladi (1 kWh uchun 1000 so‘mdan).
Subsidiyaning eng katta qismi Xorazm (29,1 mlrd so‘m) va Buxoro (27,1 mlrd) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga (19,1 mlrd) to‘g‘ri keladi.
“Quyoshli xonadon” dasturi bo‘yicha aprel-may oylaridagi subsidiya pullari – jami 9 million 386 ming so‘m hisobimga tushdi”, – deyiladi 2 iyul kuni obunachilardan biri Kun.uz’ga yuborgan videoda.
Kun.uz’ning yana bir mushtariysi ikki oy uchun 9,5 mln so‘m subsidiya olganini ma’lum qildi. Avvalroq ikki oylik qarzdorliklar yuzasidan fuqarolar murojaatlarini yoritgan, bu mavzuda iqtisodchi Otabek Bakirov bilan suhbat ham tashkil etgan edik.
Bakirovning e’tibor qaratishicha, jismoniy shaxslarga ikki oylik subsidiyalar to‘lana boshlagan bo‘lsa-da, tadbirkorlar tomonidan quyosh panellari orqali tarmoqqa uzatilgan elektr energiyasi uchun yarim yilga yaqin yig‘ilib qolgan qarzdorliklarni to‘lash borasida hozircha o‘zgarish kuzatilmayapti.
Iqtisodchi avvalroq Kun.uz’ga bergan intervyusida quyosh panellaridan umumiy elektr tarmog‘iga uzatilayotgan energiya uchun subsidiyalarning hech qanday izohsiz to‘xtatilganini “ishonchga putur yetkazuvchi holat” deb baholagandi. U hukumatni investorlar bilan dastlab qanday kelishuv tuzilgan bo‘lsa, o‘sha majburiyatlarga amal qilishga chaqirgandi.
E’tiborlisi, subsidiya to‘lovlari nega to‘xtab qolgani yuzasidan na Energetika vazirligi, na Iqtisodiyot va moliya vazirligi rasmiy izoh berdi. Soliq qo‘mitasining 2 iyul kungi bayonotida ham kechikish sabablariga to‘xtalinmagan.
Bayonotda aprel-may oylari uchun “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida 60 193 nafar jismoniy shaxsga 156,1 mlrd so‘m subsidiya to‘lanayotgani aytilgan. Taqqoslash uchun, joriy yil yanvar–mart oylari uchun 45,2 ming nafar jismoniy shaxsga 73,9 mlrd so‘mdan ortiq shunday subsidiya to‘langan edi.