Jamiyat

quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak qanday tanlanadi?

Published

on


Ko‘pchilik ko‘zoynaklarni faqat go‘zallik ulashuvchi aksessuar deb biladi: narxi arzon va dizayni qulay bo‘lsa, darrov sotib oladi. Aslida mazkur mahsulot quyoshli kunlarda ko‘z uchun eng zarur himoya vositasi hisoblanadi, ammo uning noto‘g‘ri tanlangani foyda o‘rniga zarar yetkazishi mumkin. Ushbu maqolada quyosh nurlarini qaytara oladigan, sifatli ko‘zoynaklar qanday bo‘lishi va ularni to‘g‘ri tanlashda nimalarga e’tibor berish zarurligi haqida to‘xtalamiz.

Yoz fasli quyosh nurlari eng faol bo‘ladigan davr. Bu paytda oftobdan kelayotgan UV (ultrabinafsha) nurlari teri bilan bir qatorda ko‘zni ham shikastlaydi. Xususan, quyosh nurlari ta’sirida ko‘zda


katarakta;
to‘r pardaning zararlanishi;
qurish;
fotofobiya (yorug‘likka sezuvchanlik) kabi muammolar kuzatilishi aniqlangan. Shu sababdan quyosh nurlaridan ko‘zlarni himoya qilish salomatlikni asrash nuqtayi nazaridan muhim chora hisoblanadi.

Soat 10:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida ultrabinafshaviy nurlanish eng yuqori darajaga chiqadi. Bu vaqtda ochiq havoda yurish ko‘z to‘qimalariga ortiqcha yuklama beradi. Natijada ko‘zning ichki qatlamlari, ayniqsa, to‘r parda (setchatka) va gavhar qavat (linsa) yallig‘lanadi. Mazkur holatning uzoq muddatli ta’siri esa ko‘zning erta qarishi va ko‘rish qobiliyatining zaiflashuviga olib kelishi mumkin.

Jazirama kunlarda ko‘zni quyoshning zararli ta’sirlaridan himoya qilish uchun ko‘zoynak taqish tavsiya etiladi. Uning faqat chiroyli aksessuar emas, haqiqiy himoya vositasi sifatida xizmat qilishi uchun esa tanlovda quyidagi jihatlarga e’tibor qaratish zarur:

UV400 belgisi

Qora linzali ko‘zoynakni taqqaningizda ko‘z qorachig‘i avtomatik ravishda kengayadi, chunki ko‘z atrofdagi yorug‘lik miqdorini kamaygan deb qabul qiladi. Agar ko‘zoynakda UV filtri bo‘lmasa, kengaygan qorachiq orqali zararli ultrabinafsha nurlari ko‘zoynak taqilmagan holatdagidan ko‘proq miqdorda ichkariga kiradi.

UV400 – maxsus belgi bo‘lib, bunday nishoni bor ko‘zoynak linzasi 400 nanometrgacha bo‘lgan, ya’ni inson ko‘ziga zarar yetkazish ehtimoli yuqori hisoblangan ultrabinafsha nurlarini to‘liq ushlab qoladi va ko‘zga o‘tishiga yo‘l qo‘ymaydi. Oddiy qilib aytganda, bunday ko‘zoynak quyoshning ko‘zga tushadigan zararli zarralarini 99–100% miqdorda to‘sadi, ko‘z qorachig‘i kengaygan holatda ham xavfsizlikni ta’minlaydi, ko‘zdagi charchoq, xiralik, achishishni kamaytiradi.

UV400 himoyasiga ega ko‘zoynakni tanlashda eng avvalo yorlig‘iga e’tibor bering: unda “UV” yoki “100% UV protection” yozuvi bo‘lishi kerak. Agar bu belgilar yo‘q yoki faqat “sun protection” deb yozilgan bo‘lsa, bunday mahsulot ko‘z uchun yetarli himoya bermasligi mumkin.

Do‘kon yoki optika salonida ko‘zoynakni tekshirish uchun maxsus qurilmalar mavjud bo‘ladi, mahsulotni xarid qilishdan oldin sotuvchidan linzaning UV filtri haqidagi hujjat yoki sertifikatni so‘rang. Yoki ko‘zoynakni o‘sha joyning o‘zida UV-nur o‘lchovchi moslama orqali tekshirtirib ko‘ring. Ishonchli va sifatli brendlar odatda bunday ma’lumotni ochiq taqdim etadi.

Professional optika salonlari yoki dorixonalarda sotiladigan ko‘zoynaklar UV himoyasi bor-yo‘qligi bo‘yicha sinovdan o‘tkazilgan bo‘ladi. Tasodifiy joylarda yoki bozor rastalaridagi arzon mahsulotlar esa bu jihatdan kafolat bermaydi.

Linza rangi

Ko‘zoynak tanlayotganda linzaning rangi nafaqat estetik ko‘rinish, balki ko‘z salomatligi va ko‘rish qulayligi uchun ham muhim ahamiyatga ega. Rangli linzalar yorug‘likni turlicha singdiradi, atrofdagi ranglarni farqli aks ettiradi. Ular ko‘zga bo‘lgan yuklamani kamaytirishi yoki aksincha, kuchaytirishi mumkin.

Masalan:


Kulrang linzalar yorug‘likni bir xil darajada kamaytiradi va ranglarni tabiiy holicha saqlab qoladi va kundalik foydalanish uchun eng maqbul variant hisoblanadi.
Jigarrang linzalar yorug‘lik va soyalar orasidagi kontrastni oshiradi, harakat jarayonida, ya’ni avtomobil haydash yoki sport bilan shug‘ullanishda foydali bo‘ladi. Yo‘lni aniq ko‘rish, signal va belgilarning tez farqlanishi uchun jigarrang linzalar qulay tanlov sanaladi.
Sariq yoki yashil linzalar past yorug‘likda, masalan, tumanli ob-havo yoki quyosh botgan vaqtlarda ko‘rishni yaxshilaydi. Ular yorug‘likka sezuvchanlikni oshiradi va ko‘rish qobiliyatini tiniqlashtiradi.
Moviy, yashil va qizil linzalar esa chiroyli ko‘rinsa-da, ko‘zga ortiqcha zo‘riqish berishi mumkin, ularni uzoq vaqt davomida taqish tavsiya etilmaydi.

Shakli va o‘lchami

Quyosh nurlaridan to‘liq himoyalash uchun ko‘zoynak faqat ko‘zni emas, uning atrofidagi terini ham qamrab olishi lozim. Kengroq va yuzga yaqin joylashadigan ko‘zoynaklar yon tomonidan kirib keladigan ultrabinafsha nurlarini ham to‘sadi.

Aviator, sport uslubidagi yoki oversize shakldagi ko‘zoynaklar foydali hisoblanadi. Ular ko‘z, qovoq, yon yuz terilari va hatto qosh usti qismini ham himoyalaydi.

Yuz tuzilmasiga to‘g‘ri keladigan, qulay joylashadigan va harakatda siljib ketmaydigan shaklni tanlash muhim. Juda tor yoki kichik ko‘zoynaklar esa himoya funksiyasini to‘liq bajara olmaydi va quyosh nurlarining yon yoki pastdan kirib kelishiga imkon beradi.

Sertifikat va brend

Ko‘zoynak xarid qilayotganda sertifikatlar, brend va mahsulotning qayerda ishlab chiqarilganiga e’tibor berish kerak. Agar mahsulot xorijdan olib kelingan bo‘lsa, unda odatda quyidagi belgilar mavjud bo‘ladi:

• CE – Yevropa Ittifoqi talablariga javob berishini bildiradi;

• UV400 – ko‘zoynak 400 nanometrgacha bo‘lgan zararli nurlarni to‘liq to‘sishini anglatadi;

• ANSI yoki FDA – mahsulot xavfsizlik va sifat talablariga javob berishini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston bozorida esa ushbu belgilarga ega bo‘lgan sifatli brendlar optika do‘konlarida yoki rasmiy distribyutorlarda sotiladi. Afsuski, bozorda yoki yo‘l bo‘yidagi ko‘zoynaklarning aksariyatida bunday sertifikatlar bo‘lmaydi. Qolaversa, ular tashqi tomondan chiroyli ko‘rinsa-da, amalda hech qanday himoya xususiyatiga ega emas, hatto zararli bo‘lishi ham mumkin.

Polaroid linzalar (qaytgan nurga qarshi himoya)

Oddiy quyosh nurlaridan tashqari suv yuzasi, asfalt yo‘l, avtomobil oynasi, qorli maydonlar kabi silliq sathlardan qaytgan kuchli yorug‘lik nurlari ham ko‘zimizga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday nurlar ko‘zni charchatadi, tasvirni xiralashtiradi va uzoq vaqt davomida noqulaylik tug‘diradi. Polaroid (polarizatsiyalangan) linzalar esa aynan shu muammolarni bartaraf etishga yordam beradi.

Ushbu linzalar maxsus qavatga ega bo‘lib, gorizontal yo‘nalishda qaytgan yorug‘lik to‘lqinlarini “filtrlaydi”, ko‘zga zararsiz, foydali nurlarni o‘tkazadi. Natijada ko‘rish ancha tiniq, kontrastli va qulay bo‘ladi. Ayniqsa, avtomobil boshqarayotgan haydovchilar uchun bu juda foydali.

Polaroid linza doim bir xil darajada sifatli bo‘lavermaydi. Ko‘zoynak tanlayotganda uning yorlig‘ida yoki hujjatlarida “polarized” deb aniq yozilgan bo‘lishi, shuningdek, uni rasmiy do‘kondan olish muhim. Ba’zida arzon va sifatsiz mahsulotlarda ham bu so‘z marketing vositasi sifatida ishlatiladi, linzalar esa haqiqiy polarizatsiyaga ega bo‘lmaydi.

Sifatli ko‘zoynak tanlashda ishonchli optika do‘konlariga murojaat qiling, sotuvchidan mahsulotga oid hujjat yoki sertifikatni so‘rang. Imkon qadar xalqaro yoki O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan brendlarni tanlang. Esda tuting: ko‘zoynak – bu oddiy aksessuar emas, ko‘z salomatligini asraydigan muhim vosita. Sifatsiz mahsulot tufayli ko‘rish qobiliyatingizga putur yetkazishingiz mumkin.

Diyoraxon Nabijonova tayyorladi. 



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version