Jamiyat
Qurilishi tugallanmagan uylarga ko‘chirish holatlariga chek qo‘yiladi
O‘zbekistonda qurilishi tugallanmagan va belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p kvartirali uylarga fuqarolarni ko‘chirish holatlarining oldini olish maqsadida qonunchilik kuchaytirilmoqda. Buning uchun mas’ul shaxslarga jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Qonunchilik palatasi majlisida mazkur masalaga oid qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda shaharsozlik sohasini takomillashtirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, ayrim hollarda qurilishi tugallanmagan hamda rasman foydalanishga topshirilmagan ko‘p kvartirali uylarga fuqarolarning noqonuniy ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘yilmoqda.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bunday holatlar aholi xavfsizligiga jiddiy tahdid tug‘dirishi mumkin. Shu bois sohada faoliyat yuritayotgan sub’yektlar mas’uliyatini oshirish va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni kuchaytirish zarur.
Qonun loyihasiga muvofiq, Jinoyat kodeksiga ko‘p kvartirali uylar qurilishi uchun mas’ul shaxslar yoki mansabdor shaxslar tomonidan foydalanishga qabul qilinmagan uylarga fuqarolarning ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘yganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.
Shuningdek, Shaharsozlik kodeksiga buyurtmachilar va pudratchilar zimmasiga belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p kvartirali uylarga fuqarolarning ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish majburiyatini yuklovchi normalar kiritilishi nazarda tutilgan.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining dolzarbligi va ahamiyatini ta’kidlab, uni yanada takomillashtirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirdi. Yakunda qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.