Iqtisodiyot
Qurilishga ruxsat olishda bir nechta davlat xizmatlari birlashtiriladi
Endi tadbirkor qurgan obektini elektr, gaz, suv, kanalizatsiya va boshqa tarmoqlarga ulash uchun alohida-alohida ariza berib yurmaydi: 1 iyuldan boshlab “bitta ariza – bir to‘lov – barcha ulanish nuqtalari” tamoyili joriy etiladi. 1 sentabrdan bir nechta davlat xizmatlari birlashtirilib, yagona xizmat – arxitektura va shaharsozlik talabini berish yo‘lga qo‘yiladi. Qurilish texnikalari importi bojdan ozod etilmoqda.
O‘zbekiston prezidenti 4 iyun kuni “Qurilish sohasida natijaga asoslangan boshqaruvni joriy etish hamda sohada davlat xizmatlarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmon imzoladi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan obektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash “bitta ariza – bir to‘lov – barcha ulanish nuqtalari” tamoyili asosida kompozit shaklda amalga oshiriladi.
2026 yil yakuniga qadar Toshkent shahri, 2027 yil yakuniga qadar qolgan hududlar bo‘yicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta’minot” AJ, “O‘zsuvta’minot” AJ va boshqa muhandislik-kommunikatsiya tashkilotlarining tegishli tarmoqlardagi yuklamalar, mavjud zaxira va ulanish nuqtalari haqidagi ma’lumotlari geografik axborot tizimi (GIS) shaklida “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasiga integratsiya qilinadi.
Bunda mazkur ma’lumotlar asosida obektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlarni berish jarayonlari bosh reja raqamlashtirilgan aholi punktlarida to‘liq inson omilisiz amalga oshiriladi.
Yagona davlat xizmati
Hujjatda yozilishicha, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan Toshkent shahrida bino-inshootlarning ixtisoslashishini o‘zgartirish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish hamda o‘z hududida qo‘shimcha bino-inshootlar qurishni loyihalashtirishga ruxsatnoma berish va arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish bo‘yicha davlat xizmatlarini bitta bosqichda ko‘rsatish amaliyoti joriy qilingan va bu ijobiy natija bergan.
2026 yil 1 sentabrdan boshlab yuqorida sanab o‘tilgan davlat xizmatlari respublikaning barcha hududlarida birlashtirilib, yagona davlat xizmati – arxitektura va shaharsozlik talabini berish tizimi joriy etiladi. Bunda mazkur talablar bosh rejasi raqamlashtirilgan aholi punktlari bo‘yicha inson omilisiz (avtomatik ravishda) shakllantiriladi.
Hududiy kengashlarga hokimlar rais bo‘ldi
Hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlariga raislik qilish tegishliligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklandi.
Binoning konstruksiyasi, mustahkamligi va yong‘in xavfsizligiga ta’sir qilmaydigan, quvvati va maqsadi o‘zgarmagan holda shaharsozlik norma va qoidalariga zid bo‘lmagan loyihadagi rejaviy tuzilish (planirovka)da o‘zgarishlar mavjud bo‘lganda, ushbu bino loyihasini shaharsozlik ekspertizasidan o‘tkazish jarayonida loyiha hujjatlarini hududiy kengashlar bilan qayta kelishish amaliyoti bekor qilindi.
Qurilish sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun qo‘shimcha 5 ish kuni beriladi.
Ko‘proq hujjatlar raqamli shaklga o‘tadi
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi 2026 yil 1 sentabrdan boshlab:
qurilish sub’yektlari tomonidan yuritilishi majburiy bo‘lgan ijro hujjatlarini raqamlashtirishi hamda ularni qog‘oz shaklida talab etish tartibini bekor qilishi;
qurilishga ruxsat berish va foydalanishga qabul qilish bo‘yicha arizalarni sun’iy intellekt orqali tahlil qilish tizimini bosqichma-bosqich joriy etishi kerak.
Qurilish obektlarida kameralar o‘rnatiladi
2026 yil 1 sentabrdan boshlab qurilishi yangidan boshlanadigan quyidagi obektlarda videokuzatuv kameralari majburiy o‘rnatiladi:
tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan quriladigan ko‘p kvartirali uy-joylar, III va IV toifadagi ijtimoiy soha, mehmonxona, turizm, savdo va sanoat obektlarida;
budjet mablag‘lari hisobidan quriladigan qiymati 3 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan obektlarda (muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bundan mustasno).
Lizingga olingan texnikalar uchun ball beriladi
Pudrat tashkilotlarining lizing asosida jalb etilgan maxsus texnika vositalari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining reyting baholash jarayonlarida inobatga olinadi.
Qurilish vazirligi ikki oy muddatda bu tartibni yo‘lga qo‘yishi kerak. Bunda, lizing asosida olingan maxsus texnikalar haqidagi zarur ma’lumotlar tegishli tashkilotlarning axborot-dasturiy tizimlaridan integratsiya asosida olinadi.
Ayrim texnikalar importi bojdan ozod etildi
Pudrat va loyiha tashkilotlari 2029 yil 1 iyulga qadar O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, qurilish ishlarida foydalaniladigan maxsus texnika vositalarini hamda laboratoriya va instrumental ko‘rik asbob-uskunalarini olib kirishda bojxona bojidan ozod etildi.
Bojdan ozod etiladigan maxsus texnika vositalari ro‘yxatini Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda tasdiqlashi kerak.
Vazirlik huzurida yangi tashkilot
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzurida Shaharsozlik sohasida iqtisodiy islohotlar va narxlarni shakllantirish respublika markazi tashkil etildi.
Markazning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:
“Qurilish resurslari milliy klassifikatori” elektron platformasini yuritish hamda uning samarali ishlashi bilan bog‘liq funksiyalarni bajarish;
shaharsozlik sohasida narxlarni shakllantirish tizimini takomillashtirish va raqamlashtirish;
qurilish resurslari bozorini monitoring va tahlil qilish;
vazirlik tizimidagi qurilish sohasida davlat xaridlarini tashkil etish konsalting markazlari faoliyatini metodologik ta’minlash hamda muvofiqlashtirish.