Jamiyat
Qozondan bemor o‘zbekistonlik fuqaro vatanga olib kelindi
Tataristonda mehnat faoliyatini olib borayotgan vaqtda sog‘lig‘ida jiddiy muammolar yuzaga kelgan o‘zbekistonlik fuqaro O‘zbekiston diplomatlari va mutasaddi tashkilotlar ko‘magida eson-omon qaytarildi. Ayni paytda u shifokorlar nazorati ostida davolanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 1969 yilda tug‘ilgan U.Sh.V. Tataristonda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan vaqtda ahvoli og‘irlashib, shoshilinch ravishda mahalliy klinik shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlar uning holatini og‘ir deb baholab, tezkor tibbiy yordam ko‘rsatgan.
Ushbu holatdan so‘ng O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan zudlik bilan tegishli choralar ko‘rilgan. Xususan, Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda fuqaroni vatanga qaytarish uchun zarur tashkiliy va huquqiy ishlar amalga oshirilgan.
Qisqa muddat ichida barcha konsullik hujjatlari rasmiylashtirilib, tibbiy repatriatsiya jarayoni uchun tayyorgarlik ishlari yakunlangan. Shuningdek, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Uzbekistan Airways va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda bemor fuqaroni maxsus kuzatuv asosida “Qozon — Toshkent” yo‘nalishi orqali olib kelish ishlari tashkil etilgan.
Tezkor va muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar natijasida vatandosh O‘zbekistonga eson-omon yetkazildi. Hozirda u mamlakatda shifokorlar nazorati ostida davolanishni davom ettirmoqda.