Sport
Qozog‘istonlik sportchi Olimpiada-2026da oltin medalni qo‘lga kiritdi
Qozog‘iston vakili Mixail Shaydorov juma kuni, 13 fevralda Italiyaning Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida o‘tayotgan Olimpiada-2026da erkaklar o‘rtasida figurli uchish musobaqasida sensatsion tarzda g‘olib chiqdi. Bu – Qozog‘iston tarixida figurli uchish bo‘yicha ilk oltin medal. Shuningdek, bu Qozog‘istonning qishki Olimpiadalar tarixidagi ikkinchi oltin medali hisoblanadi.
Foto: Natacha Pisarenko/AP Photo/picture alliance
Shaydorov qisqa dastur (92,94 ochko) va erkin dasturda (198,64 ochko) jami bo‘lib 291,58 ochko to‘pladi. Qisqa dasturdan keyin u faqat 5-o‘rinda borayotgan, turnirning asosiy favoritlarini oldinga o‘tkazib yuborgan edi. Kumush medalni yaponiyalik Yuma Kagiyama (280,06 ochko), bronzani esa uning hamyurti Syun Sato (274,90 ochko) qo‘lga kiritdi.
Erkaklar o‘rtasida yakka figurli uchishda asosiy favorit sifatida amerikalik, ikki karra jahon chempioni Ilya Malinin ko‘rilgan. U qisqa dastur yakunlariga ko‘ra yetakchi edi, ammo erkin dastur vaqtida ikki marta yiqilib tushdi. Natijada Malinin 264,49 ochko bilan 8-o‘rinni egalladi. Rossiyalik Pyotr Gumennik, Milanda neytral maqomda ishtirok etgan holda, 271,21 ochko bilan 6-o‘rinni oldi.
Mixail Shaydorov 21 yoshda. U — 2025 yilgi jahon chempionatining kumush medali sohibi va To‘rt qit’a chempionati-2025 g‘olibi. Uning murabbiyi — 1994 yil Olimpiada chempioni Aleksey Urmanov. Shaydorov musobaqalarda uch karra aksel – to‘rt karra tulup kaskadini bajargan tarixdagi birinchi figurist bo‘ldi.
Bundan oldin Qozog‘istonning qishki Olimpiadalardagi yagona oltini Lillexammer-1994 Olimpiadasida qo‘lga kiritilgan — o‘shanda chang‘ichi Vladimir Smirnov 50 km masofada klassik uslubda g‘olib chiqqan. Figurli uchishda esa Qozog‘iston terma jamoasida Olimpiada bronzasi ham bor — uni Denis Ten Sochi-2014da qo‘lga kiritgan.