Jamiyat
Qozog‘istondan olib kirilayotgan 1,3 mlrd so‘mlik dorilar fosh etildi
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari va Bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mamlakatga noqonuniy olib kirilayotgan katta partiyadagi dori vositalari to‘xtatib qolindi.
Ma’lum qilinishicha, Qozog‘istondan Toshkent viloyati Qibray tumanidagi «S. Najimov» chegara bojxona posti orqali kirib kelgan yuk avtomashinasi tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida yashovchi 1973-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi transport vositasida oziq-ovqat mahsulotlari orasiga yashirilgan 52 turdagi tibbiyot buyumlari va dori vositalari aniqlangan.
Tekshiruv davomida jami 95 ming 369 dona mahsulot noqonuniy tarzda olib kirilayotgani ma’lum bo‘ldi. Tezkor tadbir davomida noqonuniy yuklarni qabul qilib olayotgan vaqtda Toshkent tumanida yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan shaxs ham ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tegishli baholash xulosasiga ko‘ra, ushbu dori vositalari va tibbiy buyumlarning umumiy qiymati 1 milliard 323 million so‘mni tashkil etgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.