Dunyodan
Qozog‘istonda voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanishi mumkin
Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Madaniyat va axborot vaziri Aida Baraeva davlat rahbarining V Milliy Assambleyada bergan topshirig‘ini amalga oshirish doirasida ommaviy axborot vositalari sohasidagi qonunchilikni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’ruza qildi.
Vazirning aytishicha, kun tartibida bolalar va o‘smirlarni ijtimoiy tarmoqlardan himoya qilish masalasi turibdi. Shu munosabat bilan Madaniyat va axborot vazirligi tomonidan onlayn platformalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga soluvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Xususan, ushbu qonun loyihalarida 16 yoshga to‘lmagan fuqarolarning ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatga olinishini taqiqlash ko‘zda tutilgan.
Ma’lum qilinishicha, qonun loyihasi ekspertizadan o‘tib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Bularni samarali amalga oshirish maqsadida Madaniyat va axborot vazirligi Ta’lim vazirligi, Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirliklari bilan hamkorlikda foydalanuvchilarning yoshini aniqlash mexanizmini joriy etadi va zarur hollarda javobgarlik choralari to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Ayni paytda aholining mediasavodxonligini oshirish, mustaqil ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bundan tashqari, reklamadan tushgan daromadni onlayn platformalar va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida taqsimlash, shuningdek, ayrim mahsulotlarga nisbatan reklamaga qo‘yilgan taqiqlarni qisman olib tashlash imkoniyatlari ham qonunchilik darajasida ko‘rib chiqiladi.