Iqtisodiyot
Qozog‘iston 2027 yilda Rossiyadan elektr energiyasi olishni to‘xtatadi
Mamlakatda yangi energetika obektlari ishga tushirilishi kutilmoqda.
Foto: Pavel Mixeyev / Shutterstock
Qozog‘iston 2027 yildan boshlab Rossiyadan elektr energiyasi olishni to‘xtatmoqchi. TASS xabariga ko‘ra, bu haqda Qozog‘iston energetika vaziri o‘rinbosari Sungat Yesimxanov matbuot anjumanida ma’lum qildi.
«Agar shu yil oxiri – kelasi yil boshida barcha rejalashtirilgan [energetika] obektlarimizni ishga tushirsak, 2027 yilda biz umuman [Rossiyadan elektr energiyasini sotib olmaymiz] deb o‘ylayman».
Yesimxanov so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda Qozog‘istonga 1-1,2 milliard kVt·soat elektr energiyasi sotib olish kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, 2024 yilda elektr energiyasi taqchilligi 2,1 milliard kVt·soatni, 2025 yilda esa taxminan 1,5 milliard kVt·soatni tashkil etgan.
Aprel oyi oxirida «Inter RAO» (Rossiyadagi elektr energiyasi eksporti va importining yagona operatori) joriy yil yanvar-mart oylarida elektr energiyasi eksportini 5,8 foizga oshirib, 2,12 milliard kVt·soatga yetkazganini ma’lum qildi.
Yanvar oyida Qozog‘istonning Ulysmedia nashri Xitoy 2025 yilda Rossiya elektr energiyasini sotib olishni qisqartirganidan so‘ng, Qozog‘iston uning eng yirik importchisiga aylangani haqida xabar bergan edi. Natijada Rossiya eksportining qariyb 60 foizi (deyarli 4,5 milliard kVt·soat) ushbu mamlakat hissasiga to‘g‘ri keldi. Pekin 2026 yil 1 yanvardan boshlab Rossiyadan elektr energiyasi importini butunlay to‘xtatdi.
«Kommersant» nashrining yozishicha, qarorning asosiy sababi yanvar oyidan beri elektr energiyasi yetkazib berishning eksport narxi Xitoyning ichki bozoridagi elektr energiyasi narxidan oshib ketganidir.