Iqtisodiyot
Qoraqalpog‘istonga Pokistondan zotdor qoramol olib kelinadi
Pokistondan Qoraqalpog‘istonga 200 bosh zotdor qoramol olib kelinadi. Mazkur kelishuvga respublika Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov va O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev hamda «Abdin International Pvt. Ltd.» kompaniyasi bosh direktori Navaz Hassan uchrashuvida erishildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi.
Lahor shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Qoraqalpog‘istonda chorvachilikni rivojlantirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, kompaniyaga zotdor yirik shoxli qoramollarni ko‘paytirish va yem-xashak yetishtirish loyihalarini amalga oshirish maqsadida yer maydonlari ajratish taklifi bildirildi. Tomonlar mazkur yo‘nalishlarda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish har ikki tomon uchun ham manfaatli ekanini ta’kidladi.
Uchrashuv chog‘ida pilot loyiha doirasida «Nukus Delisha» kompaniyasi bilan sheriklik asosida qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Pokistondan 200 bosh zotdor yirik shoxli qoramolni O‘zbekistonga olib kelish hamda chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan investitsiya shartnomasi imzolandi.
«Mazkur kelishuvlar Qoraqalpog‘istonda chorvachilik sohasining raqobatbardoshligini oshirish, naslchilik ishlarini takomillashtirish va mahalliy ishlab chiqarish hajmini kengaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir», – deyiladi xabarda.
2001 yilda tashkil etilgan «Abdin International Pvt. Ltd.» bugungi kunda Pokistonning yetakchi go‘sht va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya mahsulotlari dunyoning o‘ndan ortiq mamlakatlariga eksport qilinadi.