Iqtisodiyot
Qoraqalpog‘istonda yirik maxsus mayning zonasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda kriptoiqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan yangi tashabbus amalga oshirilmoqda. PQ–143-sonli Prezident qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasida «Besqala Mining Valley» maxsus mayning zonasi tashkil etiladi.
Qarorga ko‘ra, mazkur maxsus zona hududi sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasining butun hududi belgilangan. Ushbu zona doirasida mayning uchun yagona elektr energetika tizimi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda vodorod elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalanishga ruxsat beriladi.
Maxsus zona ishtirokchilariga kripto-aktivlar bilan operatsiyalar amalga oshirish bo‘yicha keng huquqlar berilgan. Jumladan, mayning natijasida olingan kripto-aktivlar milliy kripto-birjalar yoki xorijiy platformalar orqali sotilishi mumkin. Shuningdek, ularni boshqa likvidli kripto-aktivlarga ayirboshlash yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida realizatsiya qilishga ruxsat etiladi.
Mazkur jarayonlarni muvofiqlashtirish maqsadida «Besqala Mining Valley» maxsus mayning zonasi direksiyasi tashkil etiladi. Mayning faoliyatini tartibga solishda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ishchi organ sifatida belgilandi.
Talabgor yuridik shaxslar maxsus zona rezidentligi va faoliyat yuritish uchun ruxsatnoma olish maqsadida direksiyaga murojaat qiladi.
Qarorga muvofiq, 2035-yil 1-yanvarga qadar zona rezidentlarining mayning faoliyatidan olingan daromadlari soliqlar va yig‘imlardan ozod qilinadi.