Jamiyat
Qonunchilik hujjatlaridagi ayrim atamalar o‘zbekchalashtiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Hujjatda qonunchilikda qo‘llaniladigan ayrim atamalarni yagona shaklda ifodalash nazarda tutilmoqda.
Jumladan, «avans» so‘zini «bo‘nak», «markirovka»ni «tamg‘alash», «marshrut»ni «yo‘nalishli», «svetofor»ni «yo‘lchiroq» so‘zi bilan almashtirish taklif qilindi.
Shuningdek, «parol» atamasini «o‘ron», «progressiv» so‘zini esa «ilg‘or» deb o‘zgartirish belgilanmoqda.
Majlisda ta’kidlanganidek, taklif etilayotgan o‘zgartirishlar qonun hujjatlaridagi tushuncha va yuridik atamalarni birxillashtirishga qaratilgan.
Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilganidan so‘ng uchinchi o‘qishda ham qabul qilindi. Mazkur hujjat Senatga yuborildi.