Iqtisodiyot

Qiymati 365 million dollar bo‘lgan Yuqori Pskom GES quriladi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 aprel kuni gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Gidroenergetika sohasida olib borilayotgan ishlar va istiqbolli rejalar ko‘rib chiqildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda qayd qilinishicha, O‘zbekistonda 150 ming kilometrdan ortiq daryolar, soylar va kanallar mavjud. Bu manbalar nafaqat ichimlik suvi va sug‘orish, balki energetika, iqtisodiyot hamda ekologiya nuqtai nazaridan ham strategik ahamiyatga ega.

Bugungi kunda elektr energiyasi ishlab chiqarishning katta qismi tabiiy gaz va ko‘mirga bog‘liq. Gidroenergiya ulushi esa 10-12 foiz atrofida.

Taqdimotda 2026-2032 yillarda umumiy qiymati 5,8 milliard dollar bo‘lgan 73 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi. Buning natijasida qo‘shimcha 3,6 gigavatt quvvat yaratilishi kutilmoqda.

Joriy yilda 13 ta GES foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Ularning umumiy quvvati 114 megavatt, yillik ishlab chiqarish hajmi esa 537 million kilovatt-soatni tashkil etadi. Mazkur loyihalar doirasida 254 ta ish o‘rni yaratiladi. Bunga qo‘shimcha Bo‘stonliq tumanida 28 million dollarlik grantlar hisobidan 20 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi qurilmoqda.

Yirik loyihalar qatorida Bo‘stonliq tumanidagi Yuqori Pskom GES qurilishi alohida ahamiyatga ega. Qiymati 365 million dollar bo‘lgan mazkur loyihaning quvvati 160 megavatt, yillik ishlab chiqarish hajmi 484 million kilovatt-soat bo‘ladi. Bu 161 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi. Loyihada mahalliy komponentlar ulushi 82 foizni tashkil etadi.

Farg‘ona viloyati So‘x tumanida “milliy loyiha” tamoyili asosida So‘x GES qurilishi rejalashtirilgan. Quvvati 15 megavatt bo‘ladigan ushbu stansiya yiliga 50 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, tumandagi elektr ehtiyojining 71 foizini barqaror ta’minlashga xizmat qiladi.

Yuqori To‘palang hududining gidroenergetika salohiyati ham ko‘rib chiqildi. “To‘palang” suv omboriga quyiladigan daryo va soylarda 42 ta kichik GES qurish orqali 541 megavatt quvvat yaratish, yiliga qariyb 1,9 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.

Dunyo amaliyotida gidro to‘plash elektr stansiyalarini qurish orqali energiyani saqlash va qayta taqsimlash tizimlari keng joriy etilayotgani ta’kidlandi. Mamlakatda ilk bor umumiy quvvati 1,4 gigavatt bo‘lgan 3 ta shunday stansiyani barpo etish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.

Shuningdek, umumiy quvvati 164 megavatt bo‘lgan 2983 ta kichik va mikro GES qurish rejalari muhokama qilindi.

Raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish ham soha samaradorligini oshirishning muhim yo‘nalishi sifatida belgilandi. Suv omborlari va gidroinshootlarda suv sathi, suv hajmi, bosim, meteoma’lumotlar va ishlab chiqarish jarayonlarini onlayn kuzatish imkonini beruvchi raqamli monitoring tizimlari bosqichma-bosqich joriy etiladi. Hozirda suv omborlarining xavfsizligini ta’minlash uchun 3,5 mingta nazorat-o‘lchov apparatlari o‘rnatilgan.

Davlat rahbari gidroenergetika sohasidagi loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version