Jamiyat
Qishloq xo‘jaligi yerlari yangicha tartibda ijaraga beriladi
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibi yangilandi. Bu Prezidentning PF–68-sonli farmoni bilan belgilandi va 2026-yil 1-maydan kuchga kirdi.
Hujjatga ko‘ra, yerlar endi avval belgilangan yagona tartib asosida, asosan auksion savdolari orqali taqsimlanadi. Bu yerdan foydalanishda shaffoflik va raqobatni oshirishga qaratilgan.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi va viloyat hokimlari taklifi asosida 50 gektardan 500 gektargacha yerlar sanoat usulidagi plantatsiyalar va chorvachilik uchun ajratilishi mumkin. Bu holda yerlar faqat belgilangan maqsadda foydalanish sharti bilan auksionga chiqariladi.
Yer uchastkalarini ijaraga berish jarayonida bozor mexanizmlarini keng joriy etish, resurslardan samarali foydalanish asosiy maqsad sifatida belgilangan.
Yangi tartibga ko‘ra, auksionga chiqariladigan yer uchastkalarining boshlang‘ich narxi ularning normativ qiymatining 50 foizi miqdorida belgilanadi.
Agar lot birinchi savdoda sotilmasa, har bir takroriy auksionda uning narxi bosqichma-bosqich 10 foizga pasaytirib boriladi. Birinchi auksion yer haqidagi e’lon berilganidan so‘ng 15 kun ichida o‘tkaziladi. Takroriy savdolar esa qisqa muddatda — 1 kun ichida tashkil etiladi.
Yaylovlar, pichanzorlar va lalmi yerlar uchun alohida tartib joriy etildi. Ularning boshlang‘ich narxi yer normativ qiymatining 1 foizi darajasida belgilanadi.
Shu bilan birga, auksionga tayyorlash, yer tuzish loyihalari va ijara huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar ham ushbu narxga qo‘shiladi.