Dunyodan
Qirg‘iziston Rossiya ustidan sudga murojaat qildi
Qirg‘iziston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (EEUII) sudiga Rossiyaga qarshi da’vo arizasi berdi.
Bunga mehnat muhojirlarining oilalariga majburiy tibbiy sug‘urta qilishdan bosh tortilgani sabab bo‘lgan. Bu haqda “24.kg”ga Qirg‘iziston majburiy tibbiy sug‘urta jamg‘armasi raisi Azamat Muxanov ma’lum qildi.
Muxanovga ko‘ra, Rossiya mehnat muhojirlarining oilalarini bepul tibbiy sug‘urta qilishdan bosh tortib, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi shartnomasining 96-97-moddalarini buzmoqda.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu ish bo‘yicha sud allaqachon boshlangan va ikki hafta ichida hukm chiqariladi.
2025-yil noyabr oyida Rossiya Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin xorijliklar uchun tibbiy sug‘urta shartlari o‘zgarganini ma’lum qildi. 28-noyabrdan boshlab muhojirlar Rossiyada besh yillik qonuniy ishlagandan keyingina bepul tibbiy yordam olishlari mumkin bo‘ladi.