Iqtisodiyot
Qirg‘iziston 650 kg kolbasa mahsulotlarini O‘zbekistonga qaytarib yubordi
Qirg‘iziston rasmiylariga ko‘ra, mahsulotning yorlig‘i bo‘lmagan va veterinariya-sanitariya talablariga javob bermagan. O‘sh viloyatidagi “Do‘stlik” chegara punktidagi tekshiruvdan keyin mahsulot ortga qaytarib yuborilgan.
Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida, qirg‘iz-o‘zbek davlat chegarasida joylashgan “Do‘stlik” chegara veterinariya nazorat punkti O‘zbekistondan olib kirilgan 650 kg kolbasa mahsulotlarini ortga qaytarib yubordi.
Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabariga ko‘ra, mahsulotlar yorliqsiz bo‘lib, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining veterinariya-sanitariya talablariga javob bermasligi aniqlangan.
“Aniqlangan qoidabuzarliklar asosida yuklarni Qirg‘iziston Respublikasiga olib kirish taqiqlandi. Inspektorlar tegishli bayonnomalar tuzdi, shundan so‘ng yuklar “Do‘stlik” chegara veterinariya nazorat punkti orqali O‘zbekiston Respublikasiga qaytarildi”, – deyiladi vazirlik xabarida.