Iqtisodiyot
Qayta ishlangan mahsulotlarga bojxona imtiyozlari qo‘llanadi
O‘zbekistonda bojxona hududida qayta ishlangan tayyor mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarishda bojxona qiymatini belgilash va to‘lovlarni hisoblashning yangi tartibi joriy etildi. Hukumatning tegishli qarori bilan ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi nizom tasdiqlandi.
Hukumatning 2026 yil 21 maydagi 266-son qarori bilan “Bojxona hududida qayta ishlangan tayyor mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarishda tovarlarning bojxona qiymatini belgilash va ular bo‘yicha bojxona to‘lovlarini hisoblash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Mazkur nizom bojxona hududida qayta ishlangan mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarish jarayonida tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash hamda ular bo‘yicha bojxona to‘lovlarini hisoblash tartibini belgilaydi.
Nizomga muvofiq, qayta ishlangan mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarishda import bojxona boji qayta ishlash uchun olib kirilgan xomashyo va materiallarning bojxona qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblanadi. Bunda qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasiga muvofiq sarflangan xomashyo va materiallar miqdori inobatga olinadi.
Shuningdek, qonunchilikda nazarda tutilgan bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar qayta ishlangan mahsulotlarga nisbatan ham qo‘llanishi belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya tayyor mahsulotlar uchun bojxona boji summasidan yuqori bo‘lgan import bojlari qo‘llanadigan xomashyo va materiallar ro‘yxatini shakllantiradi. Bu ro‘yxat manfaatdor vazirlik va idoralar takliflari asosida tuziladi.
Mazkur nizom tajriba-sinov tariqasida amal qilib, 2027 yil 1 martga qadar kuchda bo‘ladi.