Jamiyat
Qator hududlarda giyohvandlik vositalari savdosiga aloqador shaxslar ushlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departament va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Surxondaryo, Samarqand va Namangan viloyatlarida giyohvandlik va kuchli ta’sir qiluvchi vositalar savdosi bilan bog‘liq bir nechta holatlar fosh etildi.
Foto: Prokuratura departamenti
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sho‘rchi tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar X.J. va A.R. fuqaro M.X.ga “gashish” giyohvandlik vositasini 12,5 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlandi. Tadbir davomida ulardan 28,74 gramm giyohvandlik vositasi hamda “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda telegram messenjerida kanal-bot tashkil etgan shaxslar kuchli ta’sir qiluvchi, psixotrop va giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgani aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, ular fuqaroga tarkibida giyohvandlik moddasi bo‘lgan 0,9 gramm SK White nomli vositani 1,1 mln so‘mga sotishga kelishib, pul mablag‘ini boshqa fuqaro nomiga ochilgan plastik kartaga o‘tkazib olgan. Giyohvandlik vositasi esa Toshkent shahridagi Janubiy temir yo‘l vokzali yonidagi qurilishi bitmagan bino atrofiga ko‘mib qo‘yilgani qayd etilgan.
Bundan tashqari, Departamentning Chortoq tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida o‘tkazilgan tadbirda fuqaro A.N. “Do‘stlik” MFY hududiga 1,75 gramm “gashish” giyohvandlik vositasini o‘tkazish maqsadida olib kelgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ma’lum qilinishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, ish materiallari tergovga tegishliligi bo‘yicha yuborilgan.