Jamiyat
Qashqadaryoda yirik miqdorda giyohvandlik vositasi musodara qilindi
Dalat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Kitob tumanida katta miqdorda giyohvandlik vositasi aniqlandi. Shuningdek, Toshkent viloyatida tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi modda bo‘lgan mahsulotlar savdosi hamda xorijiy fuqaro bilan bog‘liq yana bir giyohvandlik holati yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1979 va 1983 yillarda tug‘ilgan aka-ukalarning yashash xonadonlari belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Natijada gugurt qutilari hamda sintetik qoplarga joylangan, jami og‘irligi 21 kg 712 g bo‘lgan “marixuana” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Hozirda ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Shu bilan birga, xizmat xodimlari tomonidan olib borilgan boshqa bir tezkor-qidiruv tadbiri doirasida Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi, 1976 yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha marotaba sudlangan shaxs xorijda ishlab chiqarilgan va tarkibida “sibutramin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi bo‘lgan kofe hamda boshqa mahsulotlarni sotish bilan shug‘ullanib kelgani aniqlandi. “O‘rikzor” bozorida joylashgan uning do‘koni ko‘zdan kechirilganda jami 28 984 dona 30 Slimming, MAX Slimming, Keto Coffee nomli mahsulotlar sotish maqsadida saqlab kelinayotgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 2511-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Yana bir holatda esa Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi TIR-park hududida turgan, xorijiy davlat fuqarosi boshqaruvidagi yuk avtomashinasi salonidan “gashish” giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi. Hozirda chet el fuqarosiga nisbatan Jinoyat kodeksining 276-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi. Tergov harakatlari davom etmoqda.