Jamiyat
Qashqadaryoda IIB xodimi pora bilan ushlandi
Qashqadaryo viloyatida ichki ishlar organi xodimining korrupsiya bilan bog‘liq noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi. Tezkor tadbirda u tekshiruvni “ijobiy hal qilib berish” evaziga pul olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qashqadaryo viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmati tezkor vakili qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, Dehqonobod tumanida yashovchi ayol va uning voyaga yetmagan qizining telefonlarida diniy mazmundagi taqiqlangan materiallar aniqlangani yuzasidan viloyat IIB tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilgan.
Mazkur masalani ularning foydasiga hal qilib berishni va’da qilgan 1978 yilda tug‘ilgan shaxs avvaldan 3 million so‘m olgan vaqtida ushlangan. Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu puldan 2,5 million so‘mni olgan IIB xodimi ham ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.
Hozirda IIB xodimiga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi — pora olish, vositachiga nisbatan esa 212-modda — pora olish-berishda vositachilik qilish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.