Jamiyat
Qashqadaryoda «hojatbaror» IIB tezkor vakili qo‘lga olindi
Tekshiruvni «bosdi-bosdi» qilishni va’da bergan IIB xodimining noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda korrupsiya bilan bog‘liq holat fosh etildi.
Xususan, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida yashovchi, 1983-y.t. ayol va uning 2009-y.t. qizini telefonlarida diniy mazmundagi ta’qiqlangan materiallar aniqlanganligi holati yuzasidan viloyat IIB tomonidan o‘tkazilayotgan tekshiruv harakatlarini tanishlari orqali ularning foydasiga hal qilib berish evaziga 3 mln so‘m olgan vaqtida mazkur tumanda istiqomat qiluvchi, 1978-y.t. shaxs ushlandi.
So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu masalani ijobiy hal qilib berish evaziga vositachidan 2,5 mln so‘m olgan vaqtida Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Tezkor qidiruv xizmati tezkor vakili ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda IIB xodimiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan, vositachilik qilgan shaxsga nisbatan esa JKning 212-moddasi (pora olish-berishda vositachilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.