Jamiyat

Qashqadaryoda eshak go‘shti savdogari ozodlikdan mahrum qilindi

Published

on


44 yoshli erkak Qarshi tumanidagi xonadonida eshak so‘yib, go‘shtini turli bozorlarda sotib kelgan. U shunday qilmishi uchun 3 oyda ikki bor sudlangan. Birinchi instansiya sudi ozodlikni cheklash bilan bog‘liq jazo tayinlab, uni ochiqda qoldirgandi. Prokuratura sud hukmi ustidan protest kiritdi. Kassatsiya sudi erkakka 4,5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Qashqadaryoda xonadonida eshak so‘yib, go‘shtini turli bozorlarda sotib kelgan erkak qilmishi kassatsiya sudida ko‘rib chiqildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

44 yoshli I.X. eshak so‘yib sotgani uchun uch oyda ikki marta sudlangan. 2025 yil 22 oktyabr kuni tezkor tadbirda uning yashash xonadonidan iste’molga yaroqsiz bo‘lgan 61 kg go‘sht, 112 ta eshak terisi va 15 ta eshak qovurg‘alari topilgan. Ushbu holat bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi JIB Kasbi tuman sudida ko‘rib chiqilib, I.X.ga 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

2025 yil 28 dekabrda ichki ishlar xodimlari I.X.ning xonadonida yana tezkor tadbir o‘tkazgan. Bu safar iste’molga yaroqsiz 247 kg go‘sht, eshak suyaklari va 99 ta teri topilgan. Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi JIB Qarshi tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sudning 2026 yil 13 maydagi hukmi bilan I.X.ga bu safar ham ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Kun.uz’ning ushbu holatga oid surishtiruvidan so‘ng Qashqadaryo viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari sud hukmi ustidan protest kiritdi. Protestda I.X.ga nisbatan yengil jazo tayinlangani keltirilib, sud hukmini bekor qilgan holda unga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlash so‘ralgan.

Qashqadaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2026 yil 15 iyundagi hukmi bilan dastlabki sud hukmi bekor qilindi va yangi ayblov hukmi chiqarildi.

I.X. Jinoyat kodeksining 186-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan aybli deb topildi. Unga 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. JIB Kasbi tuman sudi hukmi bilan tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li orqali ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati 4,5 yilga keltirilgan. 

Jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan. I.X. darhol sud zalidan qamoqqa olingan. 

Kun.uz avvalroq I.X.ga oid jinoyat ishini yoritib, unga tayinlangan jazo bahsli ekaniga e’tibor qaratgandi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version