Jamiyat
Qashqadaryo va Samarqandda noqonuniy oltin savdosi fosh etildi
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qonunga xilof ravishda oltin quymalarini sotmoqchi bo‘lgan uch nafar fuqaro 500 million so‘m olgan paytida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida Navoiy va Samarqand viloyatlarida yashovchi, 1982, 1984 va 1996 yillarda tug‘ilgan uch nafar fuqaro qonunga xilof ravishda jami og‘irligi 475 grammni tashkil etgan ikki dona oltin quymani xaridorga 737 million so‘mga sotishga kelishib, undan 500 million so‘m olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasining xulosasiga ko‘ra, 994 asillik darajasidagi ushbu oltin quymalarning sof og‘irligi 472 grammni tashkil etgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 740,4 million so‘mga baholangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 177-moddasi 4-qismi “a” bandi (valuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ta’kidlanishicha, ushbu shaxslarning ikkitasi muqaddam sudlangan bo‘lib, ulardan biri hozirda axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan holda jinoiy qilmish sodir etgan.