Jamiyat
Qamoqxonadagi yoshlar IT va xorijiy tillarga o‘qitiladi
2026 yil 1 iyundan Toshkent shahri, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlaridagi jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan yoshlarni zamonaviy raqamli kasblar va xorijiy tillarga o‘qitish tizimi joriy etiladi. Bu orqali mahkum yoshlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi, ozodlikka chiqqanidan so‘ng mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish maqsad qilingan.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
Qonunchilikka ko‘ra, o‘quv kurslari 8–12 oylik intensiv dasturlar asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri jazoni ijro etish muassasalari hududida tashkil etiladi. Darslar zamonaviy o‘quv dasturlari asosida olib borilib, yoshlarga raqamli sohada talab yuqori bo‘lgan kasblar o‘rgatiladi.
Mazkur kurslarga ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan va og‘ir jinoyatlarni sodir etgan holda jazo o‘tayotgan yoshlar jalb qilinadi. Ular dasturlash, kompyuter savodxonligi, raqamli texnologiyalar va boshqa IT yo‘nalishlari bilan bir qatorda xorijiy tillarni ham o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Xususan, ishtirokchilarga ingliz, rus, xitoy va boshqa tillar o‘qitilishi rejalashtirilgan. Bu esa ularning zamonaviy kasblarni o‘zlashtirishi va kelgusida masofaviy ishlash imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, o‘quv kurslari yakunida dasturlarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan yoshlarga maxsus sertifikatlar beriladi. Mazkur sertifikatlar ularning keyinchalik ishga joylashishi va kasbiy faoliyat boshlashida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlanmoqda.