Iqtisodiyot
Prezidentning suv bo‘yicha farmoni e’lon qilindi
Suv xo‘jaligi sohasida bozor mexanizmlari keng joriy qilinadi.
«Suv xo‘jaligi sohasida bozor mexanizmlarini keng joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi Prezident Farmoni (PF–99-son, 26.05.2026-y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, suv fondi yerlarini ijaraga berishda Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi «Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish» davlat muassasasi yagona buyurtmachi etib belgilandi.
Daryo va suv xo‘jaligi obyektlari o‘zanlarini tozalashda qirg‘oqlarning yuvilishiga va yaqin hududlarning suv bosishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan hamda suv oqimiga to‘sqinlik qilayotgan qum-shag‘al materiallari qazib olinishiga ruxsat etiladi.
Suv omborlari va sel-suv omborlari, kanallar, kollektorlar, tabiiy ko‘llar va gidrotexnika inshootlarini tuproq materiallaridan tozalash tadbirlariga tashabbuskor tadbirkorlarning eng yaxshi takliflari asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida jalb qilishga ruxsat etiladi.
Suv omborlari va sel-suv omborlarining suvdan bo‘shagan hamda tuproq namligi saqlangan yerlaridan samarali foydalanish maqsadida ushbu yerlar tashabbuskorlarga qisqa muddatga ekin ekishga Davlat muassasasi tomonidan elektron onlayn auksion savdolari orqali ijaraga beriladi.
Tozalanishi lozim bo‘lgan suv xo‘jaligi obyektining loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun ushbu sohadagi ixtisoslashgan nufuzli loyiha tashkilotlari jalb etiladi.