Sport

Prezident Yangi Toshkentda 55 ming o‘rinli stadion qurilishiga tamal toshi qo‘ydi

Published

on


“Ishonamanki, bu ulkan inshoot yoshlar uchun ilhom, xalqimiz uchun iftixor ramzlaridan biri bo‘lib, yurtimizdagi millionlab futbol muxlislariga katta sovg‘a bo‘ladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 noyabr kuni Yangi Toshkentda yirik sport inshooti – zamonaviy futbol stadioni qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi.

– Yaqinda FIFA prezidenti Janni Infantino mamlakatimizga tashrifi davomida O‘zbekistonda futbolga e’tibor, yaratilgan infratuzilma, boshqarish tizimidagi islohotlar bilan yaqindan tanishib, ushbu sportdagi tub o‘zgarishlarni yuqori baholadi. Janob Infantino samimiy muloqotimiz chog‘ida xalqaro futbol hamjamiyatining mamlakatimizga bo‘lgan ishonchi tobora ortib borayotgani, O‘zbekiston futboli “Osiyo grandlari” darajasida ekanini alohida ta’kidladi, dedi prezident.

2 oktabr kuni FIFA Kengashi yig‘ilishida futbol bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida 2027 yildagi jahon chempionatini O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilingan edi.

Ushbu jahon chempionati doirasidagi o‘yinlar ikki mamlakatdagi 3 tadan stadionda o‘tkaziladi. Jahon chempionatlarining final va yarim final o‘yinlari sig‘imi 50 mingdan ko‘p bo‘lgan stadionda o‘tkazilishi FIFA talablaridan biri hisoblanadi.

– Shu bois, mamlakatimiz futboli uchun muhim loyiha – Yangi Toshkent stadioni qurilishini boshlaymiz. Qiymati 100 million dollarlik ushbu stadion qurilishi uchun nega aynan Yangi Toshkent hududi tanlandi? Sababi Yangi Toshkent kelajakda mamlakatimizning yangi imkoniyatlar va ilg‘or g‘oyalar markaziga aylanadi, dedi Mirziyoyev.

Ta’kidlanishicha, Yangi Toshkent stadioni FIFAning barcha talablariga mos ravishda barpo etiladi hamda Osiyodagi eng yirik va zamonaviy infratuzilmaga ega futbol maydonlaridan biri bo‘ladi.

Bu inshoot nafaqat 2027 yilgi 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi jahon chempionati uchun, balki butun o‘zbek futboli va yoshlar sportining kelgusi o‘n yillik rivoji uchun xizmat qilishi ta’kidlandi. Chempionatga tayyorgarlik bo‘yicha alohida davlat dasturi qabul qilinishi aytildi. Infratuzilma, transport, mehmonxona, tibbiy xizmat va volontyorlik tizimlari bo‘yicha mas’ul vazirliklarga aniq vazifalar belgilab beriladi.

– Yangi Toshkent stadioni uchun hozir biz qo‘yadigan tamal toshi – bugungi mehnatimizning va ertangi g‘alabalarimizning asosidir. Ishonamanki, bu ulkan inshoot yoshlar uchun ilhom, xalqimiz uchun iftixor ramzlaridan biri bo‘lib, yurtimizdagi millionlab futbol muxlislariga katta sovg‘a bo‘ladi, dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent stadioni poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishini boshlab berdi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version